«Paxtakor» va «Neftchi»ning Elit Osiyo chempionlar ligasidagi raqiblari aniqlandi
Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida futbol bo‘yicha Osiyo chempionlar ligasi Elit musobaqasining 2026/27 yilgi mavsumi G‘arb mintaqasi liga bosqichiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qur’a tashlash marosimida O‘zbekiston futbolining afsonasi Odil Ahmedov hamda Yaponiya futbolining taniqli vakili Yasushi Endo maxsus ishtirokchi sifatida qatnashdi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning «Paxtakor» va «Neftchi» klublari musobaqaning liga bosqichida Osiyoning kuchli jamoalariga qarshi bahs olib boradi.
«Neftchi» o‘z maydonida «Al Hilol» (Saudiya Arabistoni), «Al Ahli» (Saudiya Arabistoni), «Eyr Fors» (Iroq) va «Al Ittihod» (Saudiya Arabistoni) klublarini qabul qiladi. Farg‘ona jamoasi safarda «Al Nassr» (Saudiya Arabistoni), «Istiqlol» (Eron), «Traktor» (Eron) hamda «Al Qodisiya» (Saudiya Arabistoni) bilan kuch sinashadi.

«Paxtakor» esa o‘z maydonida «Istiqlol», «Al Nassr», «Traktor» va «Al Qodisiya» jamoalariga qarshi o‘ynaydi. Toshkent klubining safardagi raqiblari «Al Ahli», «Eyr Fors», «Al Hilol» va «Al Ittihod»dan iborat bo‘ladi.
Shu tariqa, O‘zbekistonning ikki yetakchi klubini Osiyo futbolining grandlari — «Al Hilol», «Al Nassr», «Al Ahli» va «Al Ittihod»ga qarshi murosasiz bahslar kutmoqda.
Chempionlar ligasi Elit musobaqasining liga bosqichi doirasida har bir jamoa sakkizta uchrashuv o‘tkazadi. Natijalarga ko‘ra eng yaxshi jamoalar keyingi bosqichga yo‘l oladi.

Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA