«Paxtakor» va «Navbahor»ni jiddiy sinov kutmoqda
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 17-turidan o‘rin olgan «Nasaf» – «Andijon» klublari o‘rtasidagi bahs 3:0 hisobida yakunlandi.
Qarshi shahridagi «Markaziy» stadionida o‘tkazilgan ushbu uchrashuvning 3-daqiqasida Jigauri hisobni ochgan bo‘lsa, Zoran Marushich 22, 68-daqiqalarda gol urdi. Shu tariqa, «ajdarlar» yirik g‘alabadan so‘ng ochkolar sonini 38 taga yetkazib oldi va yaqqol peshqadam sifatidagi mavqeini yanada yaxshiladi.
Poytaxtimizning "Lokomotiv" klubi «Do‘stlik» stadionida o‘tgan o‘yinda "Qizilqum"ni 4:2 hisobida mag‘lub etdi. Buning natijasida «temiryo‘lchi»larning ochko soni 15 taga yetdi.

Bugun, 26 avgust kuni 17-tur doirasida «So‘g‘diyona» – «Paxtakor», «Surxon» – «Navbahor» uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Jizzaxdagi «So‘g‘diyona» stadionida soat 19:00 da boshlanadigan «So‘g‘diyona» va «Paxtakor» jamoalari o‘rtasidagi o‘yin keskin va murosasiz o‘tishi shubhasiz. Ayni vaqtda ushbu jamoalar chempionlik poygasida ishtirok etmoqda.

Milliy chempionatlar doirasida ushbu jamoalar o‘zaro 57 marotaba to‘qnash kelgan. Ularning 43 tasida «Paxtakor» zafar quchgan bo‘lsa, 7 ta o‘yinda durang qayd etilgan va qolgan 7 tasida «So‘g‘diyona» g‘alaba qozongan. To‘plar nisbati «sherlar» foydasiga 134/47. Jizzaxdagi o‘yinlarning 18 tasida «Paxtakor» muvaffaqiyatga erishgan. Besh marta mezbonlarning qo‘li baland kelgan va besh bor durang natija qayd etilgan. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, statistika poytaxt jamoasi tomonda. «So‘g‘diyona» ham bu yilgi chempionatda bir maromda ancha yaxshi o‘yin ko‘rsatmoqda. «Paxtakor»ning esa hamon o‘yinlari qovushmayapti. Superliganing bu yilgi mavsumida ushbu jamoalar ilk uchrashuvini Toshkentda o‘tkazgan va unda «So‘g‘diyona» 3:2 hisobida g‘olib bo‘lgan.
«Navbahor» va «Surxon» jamoalari esa shu kungacha milliy chempionatlarimiz tarixida o‘zaro 35 marta ro‘baro‘ kelgan. Ushbu o‘yinlarning 24 tasida «lochinlar»ning qo‘li baland kelgan (bitta o‘yinda «Navbahor»ga texnik g‘alaba yozilgan), 6 tasida termizliklar g‘alaba qozongan bo‘lsa, 5 ta bahsda jamoalar murosani tanlagan. To‘plar nisbati – 86/26, «Navbahor» foydasiga. O‘zaro uchrashuvlarda «Navbahor» 77 ochko, «Surxon» 23 ochkoni qo‘lga kiritgan.
Ushbu jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlardagi eng yirik hisob 9:0 bo‘lgan. Ta’kidlash joizki, namanganliklar o‘tkazilgan 35 ta bahsning 12 tasida termizliklar ustidan yirik hisobda zafar quchgan.
Jamoalarning shu kungacha Termizda bo‘lib o‘tgan 17 ta o‘yinidan 7 tasida «Navbahor» g‘alaba qozongan bo‘lsa, 6 tasida «Surxon» zafar quchgan, 4 ta bahsda durang qayd etilgan. Mazkur jamoalarning birinchi davrada Namanganda bo‘lib o‘tgan bahsida jangovar durang – 2:2 hisobi qayd etilgan.
Endigi «Curxon» – «Navbahor» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv Samarqanddagi «Dinamo» stadionida soat 20:00 da bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA