“Paxtakor” muhim ochkolarni qo‘lga kiritdi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 1-turidan o‘rin olgan “Paxtakor” – “Mash’al” klublari o‘rtasidagi qoldirilgan o‘yinga "Jar" stadioni mezbonlik qildi.
Ushbu uchrashuvda “Paxtakor” 5:0 hisobida "Mash’al"dan ustun keldi va mavsumdagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Natijada, Superliga jadvalida 3 ochko bilan 8-o‘ringa ko‘tarilib oldi. “Mash’al” hisobida 3 ochko bo‘lsa-da, gollar nisbatiga ko‘ra, 13-pog‘onaga tushib ketdi.

4 aprel kunidan boshlab Superligada to‘rtinchi tur o‘yinlari boshlanadi va 6 aprel kuniga qadar davom etadi.

Bu turning dastlabki kunida “Surxon” – “Qo‘qon-1912” va “Buxoro” – “Bunyodkor” o‘rtasidagi bellashuvlarga guvoh bo‘lamiz. 5 aprel kuni “Neftchi” – “Navbahor”, “Sho‘rtan” – “Nasaf” hamda “Qizilqum” – “Xorazm” klublari o‘zaro raqobatlashsa, 6 aprelda OKMK – “Dinamo”, “So‘g‘diyona” – “Paxtakor”, “Andijon” – “Mash’al” ishtirokida o‘yinlar tashkil etiladi.
Ma’lumot o‘rnida: Superliga bahslarining 3-tur uchrashuvlari yakuniga ko‘ra, jadvalda OKMK 9 ochko bilan karvonboshiga aylangan bo‘lsa, “Bunyodkor” va “Dinamo” 7 ochko bilan kuchli uchlikdan joy olgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA