«Paxtakor» mag‘lub bo‘lishda davom etmoqda
Bu yilgi futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi o‘zining kutilmagan natijalari bilan musobaqa ixlosmandlarini hayratga solishda davom etmoqda. Chempionatning 4-turidan o‘rin olgan «Paxtakor» va «So‘g‘diyona» jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda ham kutilmagan natija qayd etildi.
O‘tgan mavsumda Superliga g‘olibi bo‘lgan «Paxtakor» ushbu mavsumda yuqori saviyada o‘yin o‘tkaza olmayapti. Kuni kecha, milliy birinchiligimizning 4-turida poytaxt klubi o‘z maydonida «So‘g‘diyona»ga 2:3 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Uchrashuvda maydon egalari gollariga Doniyor Abdumannopov va Diyor Xolmatov mualliflik qilgan bo‘lsa, mehmonlarning uchta goli Shohruh Abdurahmonovga tegishli bo‘ldi.

Shu tariqa, «Bo‘rilar» ushbu zafardan keyin ochkolarini 5 taga yetkazib oldi va jadvalda 8-o‘rindan joy oldi. «Sherlar» 4 ochko to‘plagan bo‘lib, 9-pog‘onani band etdi.
«Paxtakor» ketma-ket 5 ta uy uchrashuvida g‘alaba qozona olmayapti. Poytaxt klubi so‘nggi bor o‘z maydonida o‘tgan yilning 24-oktyabr kuni Osiyo chempionlar ligasida bo‘lib o‘tgan «Axal»ga qarshi bellashuvda zafar quchgan. Bu qora an’ana qachongacha davom etishi hamon so‘roq ostida turibdi. Balki futbolchilar uchun yangi murabbiy kerakdir!

Darvoqe, «So‘g‘diyona»ning ushbu turdagi g‘alabasini ta’minlagan Shohruh Abdurahmonovning gollari, mavsumdagi ilk xet-trik sifatida tarixda qoldi. Shuningdek, bu g‘alaba «Bo‘rilar»ning g‘alabasiz seriyasiga nuqta qo‘ydi. Bundan oldin so‘nggi bor jamoa o‘tgan mavsumda – 4-noyabr kuni «Buxoro»ni taslim qilgandi. Mehmonda esa oxirgi marta 30-iyulda «Bunyodkor» mag‘lub qilingandi.
Superliganing ushbu turida «Andijon» va «Nasaf» jamoalari o‘rtasidagi o‘yin 1:1 hisobida yakunlandi. O‘yinda maydon egalari goliga Islom Mamatkazin, mehmonlarning goliga esa Zoran Marushich mualliflik qildi. Mazkur natijadan so‘ng, «Burgutlar» va «Ajdarlar» ochkolarini 8 taga yetkazib oldi.
Bugun, 4-tur doirasida «Olimpik» – «Neftchi» va «Navbahor» – «Surxon» klublari o‘zaro raqobatlashadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA