“Paxtakor” chempionlikka yaqin
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston XXIV milliy chempionati oliy ligasining yigirma to‘qqizinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston XXIV milliy chempionati oliy ligasining yigirma to‘qqizinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.Qarshida o‘tkazilgan “Nasaf” va “Paxtakor” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv poytaxtliklarning 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. O‘yindagi yagona golga 78-daqiqada “Paxtakor” a’zosi Kamoliddin Tojiyev mualliflik qildi. Ushbu turdan so‘ng amaldagi chempion ochkolarini 72 taga yetkazib oldi.
“Lokomotiv” (Toshkent) klubi “Mash’al” (Muborak) jamoasini qabul qilib, raqiblarini 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. 55-daqiqada Marat Bikmayev tomonidan kiritilgan gol “Lokomotiv”ga g‘alaba keltirdi. Safarda “Olmaliq” (Olmaliq) klubiga qarshi maydonga tushgan “Bunyodkor” jamoasi 1:1 hisobida durang natija qayd etdi. Birinchi bo‘limning 12-daqiqasida mehmonlar vakili Vohid Shodiyev hisobni ochdi. Uchrashuvning 58-daqiqasida “Olmaliq” jamoasi a’zosi Shavkat Salomov hisobni tenglashtirdi.
“Buxoro”(Buxoro) jamoasi Farg‘onaning “Neftchi” klubini qabul qildi. Uchrashuvda maydon egalari 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Namanganning “Navbahor” klubini qabul qilgan G‘uzorning “Sho‘rtan” jamoasi ham raqiblaridan shu hisobda ustun keldi.
Turning yana bir golga boy bahsi Qo‘qonda bo‘ldi. “Qo‘qon – 1912” va “So‘g‘diyona” (Jizzax) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv mehmonlarning 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
“Andijon” (Andijon) – “Dinamo” (Samarqand), “Qizilqum” (Navoiy) – “Metallurg” (Bekobod) jamoalari o‘rtasidagi bahslarda 1:1 hisobi qayd etildi.