Paxtachilik kengashining vazifalari nimalardan iborat?
Innovatsion rivojlanish vazirligida ilmiy-tadqiqot markazlari olimlari, tadqiqotchilar, mutaxassislar va ekspertlar ishtirokida paxta hosildorligini oshirish bo‘yicha yangi tizimni joriy qilish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urug‘chilik, nav tanlash, yerga ishlov berish, o‘g‘itlash, sug‘orish ishlarini yo‘lga qo‘yish orqali paxta-to‘qimachilik sohasida eksport hajmlari va daromadni oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda Kengash tartibi tasdiqlandi va Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov Kengash raisi etib tayinlandi.
Qayd etilishicha, har yili hududlarda mahalliy sharoitlarda yaxshi hosil berayotgan navlarni tahlil qilib, ularning super elita va elita urug‘larini ko‘paytirish bo‘yicha ilmiy tashkilot va urug‘chilik korxonasini belgilash, hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos eng maqbul navlarni hududlarda ko‘paytirish va ekish bo‘yicha klasterlarga topshiriqlar berish Paxtachilik kengashining asosiy vazifalari hisoblanadi.

Bundan tashqari, mazkur Kengash tuproq unumdorligi, uning kimyoviy va biologik xususiyatlarining ilmiy tahlili asosida hududlarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan kimyoviy va organik o‘g‘itlar bo‘yicha tavsiyalar beradi. G‘o‘za kasalliklari va hasharotlarga qarshi kurashish bo‘yicha samarador preparatlarni qo‘llash yuzasidan ko‘rsatmalar ishlab chiqib, amaliyotga tatbiq etadi. Klasterlarga hududlar tuproq-iqlim sharoitlariga mos g‘o‘za navlarini ekish va urug‘larini ko‘paytirish, tuproq unumdorligini oshirish, mineral va organik o‘g‘itlardan foydalanish hamda paxtachilikda suv va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar beradi. Shuningdek, paxtachilik yo‘nalishidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Yig‘ilishda shuningdek, Kengash reglamenti, Paxtachilik kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yiladigan 13 ta tumanda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi, loyihalar ro‘yxati tasdiqlandi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA