Paxta yig‘im-terim ishlari avjida
Kuz dehqonlarning yil bo‘yi qilgan mehnatlari sarhisobini qiladigan fasl. Bu davrda yetishtirilgan hosil yig‘ishtirib olinib, kelgusi yilga tayyorgarlik ko‘riladi. Shu kunlarda yurtimizning barcha hududlarida paxta yig‘im-terimi avjiga chiqqan. Navoiy viloyatida ham ushbu mavsum uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.
Joriy yil erta bahorda viloyatda 862 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 28 ming 155 gektar maydonga chigit ekilgan bo‘lib, 105,7 ming tonna paxta hosili yig‘ishtirib olish rejalashtirilgan.
– Viloyatdagi paxtachilik bilan shug‘ullanuvchi 906 ta fermer xo‘jaliklariga 4 ta paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan xizmat ko‘rsatiladi, – deydi viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi paxtachilik bo‘limi boshlig‘i Sherbek Pardayev. – Jumladan, “Baxt tekstil” MCHJ tomonidan 18 ming 905 gektar, “Navbahor tekstil” MCHJ tomonidan 6 ming 960 gektar, “Navoiy Fayzkom tekstil” MCHJ tomonidan 2 ming 168 gektar hamda Karmana, Qiziltepa va Xatirchi Elita urug‘chilik xo‘jaliklari 122 gektar maydonda paxta hosili yetishtirish yuzasidan fermerlar bilan shartnomalar tuzilgan. Joriy yil chigit ekish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rilganligi, fermerlarga o‘z vaqtida yoqilg‘i-moylash mahsulotlari va kimyoviy o‘g‘itlar yetkazib berilganligi bois dalalarda mo‘l hosil yetishtirildi.
Viloyatda asosan chigitning “Sulton”, “S-01”, “Buxoro-10”, “Buxoro-8”, “Buxoro-102” navlari ekib, parvarishlandi. Hosildorlik esa o‘rtacha 36 sentner etib belgilangan. Hozirda shartnoma rejasini bajarayotgan fermerlar gektaridan 40-50 sentnerdan hosil olishmoqda.
[gallery-19684]
Bu yil karmanalik fermerlarning 134 nafari 4595 gektar maydonga chigit qadashgan edi. Bugungi kunda barcha fermer dalalarida yig‘im-terim ishlari davom etmoqda. Shuni ta’kidlash o‘rinliki, bu yil o‘tgan yillardagidan farqli o‘laroq ayrim fermer xo‘jaliklarida paxta terim mashinalarida terib olinmoqda.
– Mahallamiz hududida 11 ta fermer xo‘jaligi mavjud bo‘lib, shu kunga qadar “Ibrat”, Ahmad” va “Ahmad Sanjar” fermer xo‘jaliklari belgilangan shartnoma rejalarini ortig‘i bilan bajardi, – deydi Karmana tumanidagi Shibzon mahallasi raisi Abdulla Ergashev. – Hududimizdagi “Abdurahmon” va “Bolta Rashid Karmana” fermer xo‘jaliklari esa lizing asosida paxta terish mashinasi sotib olgan edi. Terim mashinalari unum bilan ishlatilmoqda. Shuningdek, har kuni 450 nafarga yaqin terimchi fermerlar dalalarida terim jarayonlarida ishtirok etmoqda.
“Abdurahmon” fermer xo‘jaligi rahbari Bahodir Qodirov Karmana tumanidagi ilg‘or fermerlardan biri sanaladi. Fermerning bugungi kunda 73 gektar yer maydoni mavjud bo‘lib, uning 33 gektariga g‘alla, 40 gektariga paxta ekiladi.
– Har yili g‘allachilikda ham, paxtachilikda ham oldimizga qo‘yilgan majburiyatlarni ortig‘i bilan ado etamiz, – deydi Bahodir Qodirov. – O‘tgan yili 44 gektar maydonga chigit qadab, o‘rtacha 43 sentnerdan hosil olgan edik. Bu yil 2 milliard 140 million so‘mga 10 yillik muddatga lizing asosida 2 qatorlik paxta terish mashinasi sotib oldik. Kuniga 15-20 tonna atrofida paxta teryapmiz. Fermer xo‘jaligimiz ko‘p tarmoqli xo‘jalik hisoblanadi. Paxtachilik va g‘allachilikdan tashqari, asalarichilik tarmog‘imiz bor. Shuningdek, tadbirkorlik yo‘nalishlarimiz ham samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bu yil yetishtirgan paxta hosilini mashinada terayotgan fermer xo‘jaliklaridan yana biri Umrzoq Boltayev rahbarlik qilayotgan “Bolta Rashid Karmana” fermer xo‘jaligidir. Fermerning 37,1 gektar paxta maydoni mavjud bo‘lib, chigitning “Sulton” navini ekishgan. O‘rtacha 41 sentnerdan hosil olishni niyat qilgan fermer bu yil yaxshi niyatlar bilan “Boshiran” rusumli to‘rt qatorlik paxta terish mashinasini lizing asosida sotib oldi.
– Mazkur yuqori unumdor paxta terish mashinasi 76-90 sxemada ekilgan paxta maydonlari uchun mo‘ljallangan, – deydi terim mashinasi operatori Halim Narziyev. – 4 qatorlik paxta terish mashinasi bilan kuniga o‘rtacha 30 tonna paxta teryapman. Bu qo‘l terimidagi 400-450 nafar kishining mehnatiga teng deganidir. Mashina kabinasi komfort. Barchasi avtomatlashtirilgan. 8-10 soat o‘tirsangiz ham charchamaysiz.
Ayni kunlarda viloyatda paxta yig‘im-terimi uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari