Paxta terimi uyushqoqlik bilan o‘tmoqda (+video)
Yurtimizning barcha joylarida bo‘lgani kabi ayni kunlarda Andijon viloyatida ham paxta yig‘im-terimi qizg‘in pallaga kirgan. Viloyat paxtakorlari belgilangan yillik marra sari kundan-kunga yaqinlashib bormoqda. Paxta xirmonining yuksalishiga barcha tumanlar munosib hissa qo‘shmoqda.
Qo‘rg‘ontepa viloyatning eng katta tumanlaridan biri hisoblanib, dehqonchilik, ayniqsa, paxtachilikda o‘ziga xos tajriba maktabi shakllangan. Shu bois ham, har yili paxtadan mo‘l hosil yetishtiriladi.
Tumanda joriy yilda “KHANTEX GROUP” paxta to‘qimachilik klasteri, shuningdek, 169 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 7 ming 414 gektar maydonga paxtaning “Andijon 36” navli urug‘i ekilib, mo‘l hosil yetishtirildi. Tuman paxtakorlari bu yil 29 ming 226 tonna paxta yig‘ib-terib olishni rejalashtirgan.
– Yetishtirilgan hosilni qisqa muddatlarda yig‘ib-terib olish, belgilangan ishlarni uyushqoqlik bilan tashkil etish maqsadida 74 ta terim otryadi shakllantirilgan, – deydi Qo‘rg‘ontepa tumani hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nargizaxon Xolmatova. – Klaster korxona ishchilari, fermer xo‘jaligi a’zolari, uy bekalari, uyushmagan aholi vakillari hamda ko‘ngillilardan tashkil etilgan otryadlarning har biriga mas’ullar, zarur texnika vositalari biriktirilgan. Shu kunlarda hosilni yig‘ib-terib olish ishlari qizg‘in olib borilmoqda.
Bu yil “KHANTEX GROUP” paxta to‘qimachilik klasteri tomonidan 4 ming 176 gektar maydonda paxta yetishtirildi. Yetishtirilgan paxta hosili “Daladan tayyor mahsulot”ga tamoyili asosida yig‘ib olinib, korxonaning o‘zida qayta ishlanadi va tayyor mahsulotga aylantiriladi.
“Iqtisodchi” mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli O‘lmasxon Mahmudova rahbarlik qilayotgan 61-terim otryadi a’zolari shu kunlarda “Do‘stlik” massividagi klaster korxonaga qarashli 5-hudud dalalarida yetishtirilgan hosilni terib, yig‘ib olmoqda.
Klaster korxona ishchilari, Iqtisodchi mahallasidagi ko‘ngillilardan tashkil topgan 200 nafarga yaqin terim otryadi a’zolari tomonidan kuniga 18-20 tonna “oq oltin” terib olinmoqda.
[gallery-19636]
Shohista Sultonova, Manzuraxon Qushmatova, Nilufar Ilyosova, Malohat Omontoyeva, Odina Mo‘ydinova, Muharram Qosimova singari otryadning ilg‘or terimchilari kuniga 150-200 kilogrammdan paxta terib, barchaga ibrat bo‘lmoqda.
Terilgan paxta uchun har ikki kunda terimchilarga dalaning o‘zida naqd pul berilmoqda.
– Dalalarda paxta mo‘l, har kuni 180-200 kilogramm paxta teryapman, – deydi ilg‘or terimchilardan biri Manzuraxon Qushmatova. – Terimning birinchi haftasida 2 million so‘mdan ziyod pul oldim. Faol qatnashib, yurtimiz paxta xirmoni yuksalishiga hissa qo‘shish bilan birga, yaxshigina daromadga ham ega bo‘lyapman.
Terimda qatnashayotgan hasharchilar uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Ularning dalaga borib kelishlari uchun transport tashkil etilgan, tushlikka esa xo‘jalikning dala-shiyponida issiq ovqat tayyorlab berilmoqda.
– Terim boshlangandan buyon terimchilar bilan birgaman, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari Nargizaxon Holmatova. – Ertalabdan asosiy ishlarimni tugatib, dalaga, terimchilar oldiga shoshaman. Ular bilan suhbatlashib, ko‘ngillarini ko‘tarishga harakat qilaman.
“Do‘stlik” massivida terimda qatnashayotgan 61-terim otryadi a’zolari holidan xabar olib, dildan suhbatlashdim. Ularning kayfiyatlari a’lo, shijoatlari baland. Ishonch bilan ayta olamanki, opa-singillarimiz terimda faol ishtirok etib, nafaqat tumanimiz, balki viloyatimiz, respublikamiz paxta rejasini bajarishiga o‘zlarining munosib hissasini qo‘shadi.
Tuman hokimining tashabbusi bilan terimchilar rag‘batlantirilib, ularga turli sovg‘a-salomlar berib borilayotganligi terim suratini oshirishga yordam bermoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/fsidNqlH5wQ" title="Paxta terimi uyushqoqlik bilan oʻtmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>“Do‘stlik” massividagi “Ikrom Abduqodirov” fermer xo‘jaligi dehqonlari joriy yilda 24,4 gektar maydonda paxta yetishtirishdi. Ular 81,8 tonna paxta hosil yig‘ib olishni rejalashtirgan.
Fermer xo‘jaligi, terim otryadi a’zolari tomonidan yetishtirilgan hosil uyushqoqlik bilan yig‘ib-terib olinmoqda.
– Dehqonlarimiz yetishtirgan, dalada qiyg‘os ochilgan paxtalarni ko‘rgan har qanday kishining dili yayraydi, – deydi Dilfuzaxon Nurmatova. – Nafaqaga chiqqanimga bir necha yil bo‘lgan. Uyda bekor o‘tirmasdan, qo‘shnilarim bilan dalaga chiqib paxta teryapman. Ham salomatligim uchun yaxshi, ham qo‘shimcha daromad topyapman. Kuniga 100-130 kilodan paxta teryapman.
Bizga barcha sharoitlar yaratib berilgan, issiq ovqatlar tashkil etilmoqda. Eng asosiysi, yurtimiz paxta xirmonini yuksalishiga hissa qo‘shayotganimdan xursandman.
Paxtazorda bo‘lish, paxta terishning baribir o‘zgacha gashti bor. Kimdir qo‘shiq xirgoyi qiladi, hazil gaplardan kulgi ko‘tariladi. Dalada kim bilan suhbatlashmaylik kayfiyati chog‘, terimda ko‘ngil amri bilan ishtirok etayotganligini his etdik.
Mo‘l hosil olib, terimni uyushqoqlik bilan o‘tkazgan “Do‘stlik” massividagi “O‘rinboyev Sobir saxovati”, Namuna massividagi “Yo‘lbars ota kelajagi”, “ “Istiqbol” massividagi “Oyazimxon kelajagi” singari qator fermer xo‘jaliklari bugungi kunga qadar yillik paxta topshirish rejasini ortig‘i bilan ado etdi.
Qo‘rg‘ontepalik paxtakorlar yetishtirilgan mo‘l paxta hosilini nest-nobud qilmasdan oxirgi misqoligacha yig‘ishtirib olish maqsadida terimni uyushqoqlik bilan davom ettirmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari