Pashinyanning iste’fosi muqarrar
«Kim Shushaga egalik qilsa, u Qorabog‘ga xo‘jayinlik qiladi» — bu ibora Armanistonda ham, Qorabog‘da ham urfga kirgan.
Ozarbayjon ham mazkur qadimiy, tog‘li qal’a shaharning harbiy, tarixiy va ramziy ahamiyatini juda yaxshi his qiladi.
1992-1994 yillardagi Qorabog‘ urushida arman qo‘shinlarining zabt etib bo‘lmas qal’ani ishg‘ol qilishi mojaroda tub burilish yasab, qarama-qarshilik taqdirini hal qildi. Shu kunlarda ham Shusha shahri urushga nuqta qo‘ydi.
2020 yilgi Qorabog‘ urushining 44 kunida Shusha Ozarbayjon armiyasining nazorati ostiga o‘tdi. Buning ortidan Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ hukumati deyarli kapitulyatsiya bo‘ldi va armanlar uchun nomaqbul shartlar asosida shoshilinch yarashuv bitimi imzolandi.
Arman kuchlarining Qorabog‘ urushida mag‘lubiyatga uchrashi va Armanistonda taslim bo‘lishga teng deb baholanayotgan uch tomonlama kelishuv kutilganidek, mamlakatda siyosiy inqiroz va ijtimoiy portlashga olib keldi.
Yerevanda noroziliklar tinmayapti. Xalqning qahr g‘azabidan berkinib olgan, faqat Feysbuk orqali bayonotlar tarqatib kelgan bosh vazir Nikol Pashinyan yuzaga kelgan muammoda atrofdagi barchani ayblash bilan ovora.
Muxolifat bor kuchi bilan uni ag‘darib tashlashga urinmoqda, ammo Pashinyan safdoshlari hokimiyatni topshirishni istamayapti. Norozilarni tarqatishga, qo‘lga olishga zo‘r berishmoqda. Ayrimlar nazarida, mamlakat fuqarolar urushi ostonasida turibdi.
Bundan 25 yil ilgari Ozarbayjon qurolli kuchlari urushni boy berganda, bu respublika ham fuqarolar urushi yoqasiga kelib qolgandi. Mana endi 10 noyabrdan beri Armaniston xalqi ham milliy fojiani boshdan o‘tkazmoqda.
Arman-rus-ozar uch tomonlama bayonotini Armanistonda to‘liq mag‘lubiyat sifatida qabul qilinmoqda. Bu vaziyatga berilayotgan chinakam baho. Chunki Ozarbayjonga nafaqat Qorabog‘ni o‘rab turgan, 1993 yillarda arman kuchlari tomonidan egallangan, «xavfsizlik kamari» nomini olgan tumanlar, balki Qorabog‘ hududining muayyan qismi ham qaytarildi.
Tarqoqlik, ichki ziddiyatlar, harbiy qo‘mondonlikning ochiqchasiga beparvoligi ulkan insoniy va texnikaviy talafotlarga olib keldi.
Endi Yerevan ko‘chalariga chiqqan xaloyiq qanchalik dod demasin, arman harbiy kuchlari ayni vaqtga kelib layoqatini yo‘qotib bo‘lgan. Boz ustiga, armanlarning o‘ch olishi yo‘liga turk-ozarbayjon tandemidan tashqari, Rossiya tinchlikparvar kuchlari to‘siq bo‘lishi muqarrar.
«Agar harbiy harakatlar davom etganida, Stepanakert, Martuni, Askeran ham qo‘ldan ketardi. Oxir-oqibatda minglab askarlarimiz qamalga tushib qolardi. Biz bu kelishuvni imzolashga majbur bo‘ldik», deb takidlagan Pashinyan xalqqa qilgan murojaatida.
Endi u siyosiy arbob emas, balki Qorabog‘ni dushmanga topshirgan kishi sifatida tarixga kirdi. Armanistonda uni hech kim kechirmaydi. Tobora bo‘y ko‘rsatayotgan davlat to‘ntarishining oldini olish maqsadida rasmiylar mamlakatdagi harbiy holat rejimini bekor qilishga shoshilayotgani yo‘q.
Feysbukda Pashinyanni kuzayotganlar soni ancha kam, undan ko‘ra, ko‘chadagi odamlar ko‘p, bu jarayonlarga bosh vazir halal berishga qodir emas.
Harbiy harakatlarni to‘xtatish sharoitida harbiy holat rejimi hukmron partiyaning siyosiy quroli sifatida ko‘rilmoqda.
Mitinglar tarqatilayapti, negaki, favqulodda holat qoidalari bo‘yicha ular ta’qiqlangan. Politsiya mitinglarni tarqatayotgan bo‘lsada, ko‘chaga chiqish ishtiyoqidagilar soni kamayayotgani yo‘q. Avvaliga 17 ta siyosiy partiya va harakatlar 11 noyabr kuni miting o‘tkazdi. Aniq, tushunarli dastur bo‘lmaganidan miting kutilgan natijani bermadi.
Muxolifat yetakchilarining ayrimlarini Milliy xavfsizlik xizmati qo‘lga oldi, ammo parlament qarshisidagi maydonda yig‘ilganlarga tegilmadi. 16 noyabr kuni ham voqea takrorlandi.
Ularga xalal berishga hech kimning haddi sig‘madi. Namoyishchilarning talabi bitta — «Pashinyanning iste’fosi».
Mohiyatan, bu hokimiyatning butkul almashinuvini anglatadi, har holda Pashinyan – bunda markaziy figura. Hukmron elitadagi qolgan odamlar — uning safdoshlari va hammaslaklarining shaxsiy siyosiy vazni nolga teng.
Parlamentdagi uning «Mening qadamim» bloki fraksiyasining yarmi 2018 yilda u bilan ko‘chalarga chiqqani sababidan u yerda o‘rnashib qolgan tasodifiy odamlardir. Endi ularning barchasi og‘ziga talqon solib olgan, shuning uchun Pashinyan o‘zining shaxsiy media resursidan foydalanib, odamlarga nega bayonotni imzolashga majbur bo‘lganini tushuntirishga zo‘r berayapti. Oldingi hukumatga qarshi qilgan ishlari bugun o‘ziga qaytayotgandek.
Norozilar 2,5 yil avvalgi Pashinyan hunarlarini o‘ziga qaytara boshladi — ko‘chalar bo‘ylab yurishlar avjida, maydonlar to‘lib-toshgan, yo‘llar berkitilgan. Hokimiyat namoyishchilarga qarshi kuch qo‘llagudek bo‘lsa, shu zahoti hukumatning ichki va tashqi dunyodagi obro‘yiga ziyon yetadi.
Buni tushungan Nikol Pashinyan javobgarlikni o‘zidan soqit qilish maqsadida Milliy xavfsizlik xizmatini siyosiy qatag‘onga jalb etmoqchi.
Bu haqda bir necha kun avval iste’fo bergan Milliy xavfsizlik himmatining direktori vazifasini bajaruvchi Mikayel Ambarsumyan 12 noyabr kuni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bayonot berdi.
Polkovnik siyosiy raqiblar og‘zini yopish urinishidek vijdonsizlik ishida qatnashmaslik uchun xizmatdan ketganini xabar qildi. Uning ortidan shu kunlarda ikki nafar vazir iste’fo berdi.
Avvalroq Armaniston tashqi ishlar vaziri Zograb Mnatsakanyan iste’foga chiqqanini ma’lum qilgandi. Uning ortidan favqulodda vaziyatlar vaziri Feliks Solakyan ham iste’fo berdi. Bu hukumron rejimning kuni bitib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Uning iste’foga chiqishi berishi ham vaqt masalasi. Savol shundaki, uning o‘rnini kim egallaydi. Pashinyanga qarshi chiqqan 17 ta siyosiy partiya tezisi jarangdor yangrashi mumkin, ammo ularning na dasturi, na g‘oyasi bor. Ularni tom ma’nodagi siyosiy partiyalar deb ham bo‘lmaydi.
Ko‘pchiligi bir necha faollardan iborat tushunarsiz tuzilmalar. O‘ch olish istagida kuyib yonayotganlar esa Pashinyangacha bo‘lgan hokimiyat unsurlari.
Ular xalq ishonchidan qolgan. Qisqa aytganda, korrupsiya botqog‘iga botgan bu hokimiyatni 2018 yilda Pashinyan boshchiligida ko‘chaga chiqqan yuz minglab odamlar siyosat maydonidan supurib tashladi.
Aslida ularda ham tayinli dastur yo‘q. Ularning tezislari «Dashnoqsutyun» millatchi partiyasi vakillari tomonidan ilgari surilgan to‘rtta talabga olib boradi: Pashinyanning iste’fosi, vatanni qutqarish bo‘yicha qo‘mita tuzish, Qorabog‘ bo‘yicha muzokaralarda milliy yetakchini almashtirish va yangi vatanni shakllantirishda qadamba-qadam jarayonlar.
Prezident Armen Sarkisyan esa bosh vazir Nikol Pashinyan iste’foga chiqishi muqarrar ekanini, Armaniston urushda jang maydonida ham, diplomatiya va xalqaro maydonda ham yutqazganini ta’kidlamoqda.
Shu boisdan davlat rahbari bilan uchrashgan turli jamoatchilik va siyosiy kuchlar vakillari bir ovozdan Bosh vazir iste’foga chiqishini yoki Konstitutsiyaga muvofiq uning vakolatlari to‘xtatilib, navbatdan tashqari parlament saylovlari o‘tkazilishini talab etmoqda.
Qorabog‘ning o‘zida ahvol bundan og‘ir. Odamlar o‘z yaqinlarini dafn etishga kirishgan, Armanistondagi siyosiy janjallarning ularga qizig‘i yo‘q endi, ular bor-budidan ayrildi.
Ayrimlari blokpostlarda turib olgan, ketishni istamaydi. Hatto 10 noyabr shomgacha ular Shusha shahri ostonalarida jang qilishdi. Ammo hamma jarohatlarni vaqt davolaydi. Kimdir ozarbayjonliklar bilan yonma-yon yashashga ko‘nikar, yana kimlardir hozirdanoq o‘z uylari, bog‘lari, ekinlariga o‘t qo‘yib, katta vatanlari Armanistonga ketishga qaror qilgan.
Tog‘li Qorabog‘ respublikasi Prezidenti Araik Arutyunyan aholini bunday qilmaslikka chaqirmoqda. Buyog‘iga nima bo‘ladi, noma’lum. O‘n minglab odamlar ishsiz, boshpanasiz qoldi. Uning oxiri hozircha ko‘rinmaydi.
A. Saybnazarov, O‘zA