Partiyalararo hamkorlik muhokama qilindi
Avval xabar berilganidek, Kambodjada bo‘lib o‘tgan “Tinchlik va murosa sari” mavzusidagi Osiyo siyosiy partiyalari xalqaro konferensiyasining (ICAPP) 12-Bosh assambleyasida mamlakatimizdagi siyosiy partiyalar vakillari ham ishtirok etdi.
Jumladan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi vakillari xalqaro konferensiya doirasida Pnompen shahrida «Yangi Ozarbayjon» partiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, ICAPP doimiy komissiyasi a’zosi Tohir Budagov bilan uchrashdi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuvda partiyalar maqsad-vazifalari, partiyalararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tashriflarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
– «Yangi Ozarbayjon» va «Milliy tiklanish» partiyalari o‘rtasida do‘stona hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi, shubhasiz, davlatlarimizning qardoshlik aloqalarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi, – dedi Tohir Budagov.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joiz, «Yangi Ozarbayjon» partiyasi 1992 yilning noyabrida tashkil topgan bo‘lib, ayni paytda 730 mingdan ortiq a’zoga ega.
M.Komilova, O‘zA