Parlamentda yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy etilgan “Yoshlar kuni” doirasida Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Rahimjon Hakimov talaba-yoshlar bilan muloqot qildi.
Muloqotda mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning ta’lim olishi, mehnat qilishi hamda o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilayotgan sharoitlar alohida e’tirof etildi. Xususan, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan huquqiy mexanizmlar izchil takomillashtirilayotgani, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada yoshlarga oid muhim normalar mustahkamlangani qayd etildi. Shuningdek, qabul qilinayotgan qonunlarda yoshlarning huquq va manfaatlarini aks ettirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Tadbir davomida talabalarga Qonunchilik palatasining faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar, Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya hamda Yoshlar parlamentining asosiy faoliyat yo‘nalishlari atroflicha tushuntirildi.

O‘z navbatida, talabalar ham Qonunchilik palatasi faoliyati hamda qonun ijodkorligi jarayonlariga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Parlament faoliyati bilan tanishuv ularda katta taassurot qoldirganini e’tirof etdilar.

Uchrashuv doirasida yoshlar parlament kutubxonasi, Oliy Majlis tarixi, taraqqiyoti aks etgan muzey hamda majlislar zali bilan tanishdilar.
Muhtarama Komilova,
O‘zA