Parkentda sayyohlarga sharoit yaratilmoqda (+video)
Shu kunlarda Parkent tumaniga sayyohlar qatnovi ancha ortdi. Ayniqsa, hududdagi Qizil tog‘ qo‘rg‘onining keng qir-adirlari oilaviy dam oluvchilar bilan gavjum.
Xususan, “So‘qoq” yoki “Qizil tog‘” kabi manzillarga hordiq chiqarish maqsadida boruvchi fuqarolar uchun tirbandliklarning oldini olish hamda harakatni to‘g‘ri tashkil etish maqsadida joriy yil 10-14-aprel kunlarida transport vositalarining harakatlanish yo‘nalishi hududda vaqtincha o‘zgardi. Asosiysi, qatnovda hech qanday cheklovlar yo‘q. Maqsad shu joylarga boruvchi va qaytuvchilarga qulaylik yaratish, harakat xavfsizligini ta’minlashdir. Yo‘l bo‘ylaridagi YHT xodimlari tomonidan qatnovlar nazoratga olingan. O‘z navbatida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Toshkent viloyati hokimligi, viloyat turizm boshqarmasi, Milliy gvardiya Toshkent viloyati boshqarmasi, viloyat IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Katta yo‘l bo‘ylarida avtotransport vositalari uchun maxsus avtoturargoh, biohojatxona, ko‘chma chiqindi qutilari, ovqatlanish nuqtalari va savdo do‘konlari tashkil etilgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, oxirgi uch kun davomida 100 ming nafarga yaqin sayyoh shu yerga kelgan va bu raqamlar ortib bormoqda. Asosiy vazifa hudud tabiatiga ziyon yetkazmaslik va uni sof holatda saqlashdir. Viloyat mas’ullari tomonidan sayyohlar o‘rtasida targ‘ibot ishlari ham olib borilmoqda.
[gallery-16906]
– Avvallari ham bu manzilga dam olish uchun ko‘p bor kelganmiz, lekin bu yil mehmonlarga yanada ko‘proq qulaylik yaratilgan, – deydi Nurafshon shahridan kelgan Jumaboy Rizoqulov. – Muhimi, bu gal shunchaki dam olgani kelganimiz yo‘q. Maxsus joylarda mevali daraxt ko‘chatlari ekish ishlari yo‘lga qo‘yilgan ekan. Men ham nevaralarim bilan birga shu jarayonda qatnashdim. Bu orqali yashil maydonlarning kengayishiga o‘z hissamizni qo‘shdik.
Hududda oxirgi ikki yildan beri sayyohlar gavjum bo‘layotgan manzillardan biri Achchiqko‘ldir. Bu joy Toshkent shahridan 20 kilometr g‘arbda joylashgan. Ko‘l va uning atroflari qamishzor. Ko‘lni baland qir-adirlar o‘rab turadi. Mazkur ko‘lda oltingugurt hidli shifobaxsh qora balchiq mavjud bo‘lib, bu joy davo istab keluvchilar bilan doim gavjum. Sayyohlar yashil tabiatdan bahra olib, suratlarga tushmoqda. Bolalar esa varrak uchirmoqda. Umuman olganda, barcha manzillarda hordiq chiqarayotganlarning kayfiyati chog‘.
– Biz Farg‘ona viloyatidan keldik, – deydi Azimjon Botirov. – Shu joyni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rib, anchadan buyon oilaviy dam olishni maqsad qilgandim. Tabiati go‘zal, havosi ham yoqimli. Mamlakatimizda shu kabi manzillar ko‘pligi qanday yaxshi. Hatto xorijliklar ham kelishmoqda.
Hozir Parkent tumanining turistik salohiyati 2021-yilga nisbatan 3,5 barobarga oshdi. Joriy yilda hududga 893 ming nafardan ziyod mahalliy, 117 ming nafardan ziyod xorijiy turistni jalb qilish maqsad qilingan. Buning uchun zarur tashkiliy choralar ko‘rilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/1z_m5tYceL0" title="Parkentda sayyohlarga sharoit yaratilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Musayev, D. Ernazarov (surat), O‘zA muxbirlari