Parkent — Toshkent yo‘nalishida yangi shaharlararo elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi
Parkent — Toshkent — Parkent yo‘nalishida zamonaviy shaharlararo elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
Yangi temir yo‘l qatnovi Parkent tumani aholisi uchun poytaxt bilan qulay va tezkor transport aloqasini ta’minlash barobarida, hududning turistik salohiyatini oshirishga ham xizmat qiladi. Loyiha doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ mutaxassislari tomonidan Toshkent viloyatidagi “Baytqo‘rg‘on — Parkent” temir yo‘l liniyasini qurish ishlari 2025-yil yanvar oyida boshlangan edi.
Umumiy uzunligi 24 kilometr bo‘lgan elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi bilan bir qatorda 3 ta temir-beton ko‘prik, 1 ta avtomobil yo‘l o‘tkazgichi, 76 ta suv o‘tkazish inshooti hamda 16 ta avtomobil va temir yo‘l kesishmasi barpo etildi. Shuningdek, 50 o‘ringa mo‘ljallangan yangi “Parkent” temir yo‘l bekati qurildi. Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadigan elektropoyezd 586 ta o‘ringa ega bo‘lib, unda bir vaqtning o‘zida 1154 nafargacha yo‘lovchi tashilishi mumkin. Qatnov uchun yo‘l haqi kattalarga 10 ming so‘mgacha, 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun esa 6,5 ming so‘m etib belgilangan. Parkentdan Toshkentgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tish vaqti esa atigi 50 daqiqani tashkil etadi.
Yangi qatnov, avvalo, Parkent tumani aholisining poytaxtga borib-kelish imkoniyatlarini yanada qulaylashtiradi. Shu bilan birga, transport infratuzilmasining rivojlanishi hudud iqtisodiyoti va turizm sohasi uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi.
Parkent tabiati, tog‘li hududlari va so‘lim dam olish maskanlari bilan sayyohlar uchun jozibador hududlardan biri hisoblanadi. Yangi elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasining ishga tushirilishi esa bu imkoniyatlardan foydalanishni yanada osonlashtiradi. Xususan, poytaxt aholisi va xorijiy mehmonlar uchun Parkentga borish vaqti qisqaradi, sayohat qilish imkoniyati kengayadi. Bu esa hududda mehmonxona, umumiy ovqatlanish, xizmat ko‘rsatish va turistik xizmatlar sohasining rivojlanishiga turtki berishi mumkin. Transport aloqalarining yaxshilanishi natijasida sayyohlar oqimining ortishi mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, tadbirkorlik faoliyatining kengayishiga va hudud iqtisodiy salohiyatining yuksalishiga xizmat qiladi.
Shu ma’noda, “Baytqo‘rg‘on — Parkent” elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasining ishga tushirilishi nafaqat transport sohasidagi muhim infratuzilma loyihasi, balki Parkentni yangi turistik yo‘nalish sifatida rivojlantirish uchun ham muhim qadamdir.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA