Parkent ijod uyida III Xalqaro tarjimonlar forumi boshlandi
Parkent ijod uyida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan III Xalqaro tarjimonlar forumi o‘z ishini boshladi.
Adabiy aloqalarni mustahkamlash, milliy adabiyotimizni jahonga kengroq tanitish hamda badiiy tarjima sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilishga bag‘ishlangan mazkur nufuzli xalqaro anjumanda mamlakatimiz va qo‘shni davlatlardan ko‘plab ijod ahli jam bo‘ldi.
Forumda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda istiqomat qilayotgan 16 nafar ijodkor — O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining faxriy a’zolari, shuningdek, zamonaviy o‘zbek tarjimachiligi taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan 30 dan ortiq taniqli tarjimonlar hamda iste’dodli yoshlar ishtirok etmoqda.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Behzod Shukurov hamda “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev badiiy tarjimaning bugungi taraqqiyot bosqichlari, o‘zbek adabiyotini xalqaro maydonda targ‘ib etish, qardosh xalqlar ijodkorlari asarlarini tarjima orqali keng kitobxonlar ommasiga yetkazish masalalari haqida batafsil to‘xtaldi.

Milliy adabiyotimizni jahon miqyosida targ‘ib etish, dunyo adabiy jarayonlaridan mamlakatimiz so‘z san’ati ixlosmandlarini bahramand etishda badiiy tarjimaning o‘rni beqiyos. Bunday ijodiy muloqot maydonlari tarjimonlar o‘rtasida tajriba almashish, adabiy hamkorlikni yanada kengaytirish va xalqlar o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Anjuman davomida qo‘shni davlatlarda o‘zbek adabiyotini targ‘ib etish yo‘lida munosib mehnat qilayotgan bir qator ijodkorlar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining faxriy a’zoligiga qabul qilindi. Shuningdek, tarjima sohasidagi izlanishlari va ijodiy faolligi bilan e’tibor qozongan tarjimonlarga uyushmaning a’zolik guvohnomalari topshirildi. Bu e’tiroflar adabiyotning xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashdagi beqiyos o‘rnining yana bir tasdig‘i bo‘ldi.

— Tarjima — bu ikki xalq o‘rtasida qurilgan ma’naviy ko‘prikdir, — dedi yozuvchi va tarjimon, taniqli publitsist va olima Risolat Haydarova. – Badiiy tarjima orqali kitobxonlar boshqa millatlarning tarixi, madaniyati va adabiyoti bilan yaqindan tanishadi. Shu ma’noda forumda tarjima masalalariga alohida e’tibor qaratilgani juda muhim bo‘ldi. Forum davomida bildirilgan fikr va takliflar kelgusida qardosh mamlakatlar adiblari o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Anjumanda “Sharqnoma” jurnali faoliyati, Qozog‘istondagi o‘zbek adabiyotining shakllanish jarayonlari, aruz vaznidagi she’rlarni tarjima qilish mahorati, “Boburnoma”ning qirg‘iz tiliga o‘girilishi hamda qozoq she’riyatini o‘zbek tiliga tarjima qilish tajribalari haqidagi ma’ruzalar tinglandi. Bu chiqishlar xalqlarni birlashtiruvchi umumiy ma’naviy merosni anglash va uni asrab-avaylash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholandi.
Nazokat Usmonova,
Ahmadjon To‘rayev (surat),
O‘zA