Parij prokurori Ilon Maskni hibsga olish bilan tahdid qildi
Ilon Mask Fransiyada jiddiy muammoga duch keldi: sud chaqiruvlarini e’tiborsiz qoldirish milliarderga nisbatan hibsga olish orderi berilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Fransiyada “X” (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘iga qarshi ochilgan jinoyat ishi doirasida tergov sudyalari milliarder Ilon Maskni hibsga olishga order berishi mumkin. Parij prokurori Lor Bekoning “RTL” radiostansiyasi efirida ma’lum qilishicha, agar Maskka nisbatan rasmiy ayblovlar qo‘yilsa va u sud chaqiruvlarini e’tiborsiz qoldirishda davom etsa, ushbu qat’iy chora qo‘llaniladi.
Prokurorning tushuntirishicha, tergov yakunida sudyalar Maskni jinoyat sudiga chaqirish uchun yetarli asoslar mavjud degan xulosaga kelsa va u javob bermasa, uning sudda ishtirok etishini ta’minlashning qonuniy yagona yo‘li hibsga olish orderi bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu yirik tergov harakatlari 2025-yilning yanvar oyida foydalanuvchilarning ijtimoiy tarmoq algoritmlari ustidan qilgan shikoyatlaridan so‘ng boshlangan edi.
Shu yilning fevral oyida Yevropol va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish jandarmeriyasi ishtirokida “X”ning Fransiyadagi ofislarida tintuv o‘tkazilgan. Ilon Mask va tarmoqning sobiq bosh direktori Linda Yakkarino 20-aprel kuni so‘roqqa chaqirilgan edi, biroq milliarder unga kelishdan bosh tortgan. Bunga javoban Parij prokuraturasi 7-may kuni unga nisbatan dastlabki tergov harakatlarini boshlab yuborgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA