"Parij-2024"ga yo‘l Toshkentdan boshlanadi
Joriy yilning 17-19 may kunlari poytaxtimizdagi "Universal" sport saroyida stol tennisi bo‘yicha "Parij-2024" yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi Markaziy Osiyo mintaqasi saralash turniri o‘tkaziladi.
Mazkur turnirda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Eron, Turkmaniston va Qirg‘izistondan 18 nafar stol tennischi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi uchun raqobatlashadi. Bahslar erkaklar va ayollar o‘rtasida yakkalik yo‘nalishida tashkil etilib, unda faqat oltin medalni qo‘lga kiritgan sportchilar Olimpiada ishtirokchisiga aylanadi. "Parij-2024" Olimpiadasi yo‘llanmasi uchun mamlakatimiz nomidan Zohid Kenjayev, Shohrux Iskandarov, Marhabo Magdiyeva va Rozalina Xo‘jayeva bahslarga kiradi.


Ma’lumot o‘rnida, 17-18 may kuni guruh va chorak final bahslari o‘tkaziladi. 19 may kuni esa yarim final va final bellashuvlari tashkil etiladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA