Paralimpiya chempioni talabalar huzurida boʻldi
Namangan davlat universitetida Fransiyada bo‘lib o‘tgan “Parij-2024” XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi, oltin va bronza medallari sohibi, xalqaro toifadagi sport ustasi, yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston milliy paralimpiya terma jamoasi a’zosi Tolibboy Yo‘ldoshev bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbirda, jahon va Paralimpiya chempioni mamlakatimizda yosh avlodni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish, umidli sportchilar, jumladan, nogironligi bor sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga davlat siyosati darajasida e’tibor berilayotgani, bu e’tibor o‘z natijalarini berayotgani e’tirof etildi.

Shuningdek, chempion sportga qo‘ygan ilk qadamlari va hozirga qadar erishgan yutuqlari haqida to‘xtalib, murabbiysi Sardorbek Abduxoliqovga alohida minnatdorlik bildirdi.

2003 yilda Chust tumanida tug‘ilgan, yetti yoshidan avvaliga boks, keyinchalik yadro uloqtirish bilan shug‘ullangan Tolibboyning dovrug‘i tug‘ilib o‘sgan qishlog‘idan jahon arenasi darajasiga yetishida o‘z ustida tinimsiz qilgan mashaqqatli mehnatlari va murabbiylarning to‘g‘ri ko‘rsatmalari hamda ota-onasining qo‘llab-quvvatlashi muhim o‘rin tutdi.

2018 yilda para yengil atletika turi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarkibiga kiritildi. Xitoyda bo‘lgan “Xanchjou-2022” Para Osiyo o‘yinlarida kumush hamda 2023 yil Parijda o‘tgan jahon chempionatida bronza medali bilan taqdirlandi. 21 yoshida esa Paralimpiya o‘yinlarida “F37” klassida disk uloqtirishda 57,28 metr natija bilan oltin va yadro uloqtirishda 15,24 metr natija ko‘rsatib, bronza medallarini qo‘lga kiritdi. E’tiborlisi, Paralimpiya o‘yinlarida disk uloqtirish bo‘yicha jahon rekordini ham yangiladi. Sportdagi yuksak muvaffaqiyatlari tufayli u Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

Samimiy va ochiq, do‘stona muhitda kechgan muloqotda Chirchiq davlat pedagogika universitetida magistratura bosqichida tahsil olayotgan Tolibboy Yo‘ldoshevga talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi. Uchrashuv qatnashchilarida chempion sportchidagi mustahkam iroda, metin jasorat, shijoat, boy dunyoqarash, teran fikrlash qobiliyati havas tuyg‘ularini uyg‘otgani, shubhasiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.