Paralimpiya: Bir qator davlatlar Tokioga kelmaydi
Bugun Tokio shahridagi “Sportchilar shaharchasi”da O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarildi.
“Tokio-2020” o‘yinlarining tashkiliy qo‘mitasi Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi ma’lumotiga tayangan holda xabar berishicha, bundan ancha muddat oldin Shimoliy Koreya davlati Tokio olimpiadasi tizimidagi musobaqalarda qatnashmasligini ma’lum qilgan edi. Bir qator davlatlar esa yana ikki kundan so‘ng tantanali ochilish marosimi tashkil etiladigan XVI paralimpiya o‘yinlarida epidemiologik vaziyat sababli ishtirok eta olmasligi bo‘yicha bayonot berdi. Kecha Tinch okeani muzofotida joylashgan Samoa, Kiribati, Tongo va Vanuato davlatlari koronavirus kasalligining Okeaniya mintaqasida keng yoyilishi va mintaqadagi karantin cheklovlari sababli paralimpiya o‘yinlariga o‘z vakillarini yubora olmasligini ma’lum qildi.
Shu o‘rinda aytish lozimki, Afg‘onistondagi siyosiy vaziyatning beqarorligi sababli ushbu mamlakat paralimpiyachilari ham kunchiqar yurtda o‘tkaziladigan bahslarda ishtirok etmolmasligini bildirgandi.
“Tokio-2020” tashkiliy qo‘mitasi xabarida aytilishicha, bugungacha mazkur nufuzli musobaqaning tashkiliy ishlarida xizmat qilayotgan ming nafarga yaqin xizmatchilar koronavirus kasalligiga chalingan. Ishchi va xizmatchi kuchlarining yetishmasligiga va mavjud vaziyatning murakkabligiga qaramasdan 16-paralimpiya o‘yinlari Yaponiya davlatida belgilangan reja asosida o‘tkaziladi.
Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston paralimpiya delegatsiyasi bugun tongda Tokioga yetib bordi. Vakillarimiz o‘zlari uchun “Sportchilar shaharchasi”da hozirlangan hududga joylashishdi. Paralimpiya o‘yinlari “shaharchasi”da O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarildi.
To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA