Paragvay Prezidenti Islom sivilizatsiyasi markaziga bordi
Rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan Paragvay Respublikasi Prezidenti Santyago Penya Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Oliy martabali mehmonga O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamrohlik qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan ushbu markaz islom sivilizatsiyasining bebaho ilmiy-ma’naviy merosini asrash, o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazishni maqsad qilgan tarixiy-ma’rifiy majmua hisoblanadi.
Maskan milliy me’moriy uslub bilan zamonaviy inshootlar texnologiyasini uyg‘unlashtirgan holda qurilgan. Binoning to‘rt tomonida 34 metrli peshtoqlar, markaz qismida esa 65 metr balandlikdagi milliy uslubdagi gumbaz qad rostlagan.
[gallery-26696]
Santyago Penya markazdagi Qur’oni karim zalida ham bo‘lib, musulmon dunyosida yuksak ahamiyatga ega bo‘lgan Usmon Mushafi — Qur’onning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri bilan tanishdi. Bu nodir qo‘lyozmaning Islom dini va jahon madaniyati taraqqiyotidagi o‘rni alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, Paragvay delegatsiyasi “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans” va “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans” ekspozitsiyalari bilan ham tanishdi. Ularda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Bahouddin Naqshband kabi ulug‘ allomalarimiz merosi, shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar va temuriylar davrlariga oid nodir qo‘lyozmalar ham namoyish etilgan.
Prezident Santyago Penya ushbu majmua xalqaro ilmiy-tadqiqot, ta’lim va madaniy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishini qayd etdi.
Madaniy muloqot va ma’naviy yaqinlikni mustahkamlash bugungi global sharoitda har qachongidan ham muhimligi alohida ta’kidlandi. Bu davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishda muhim omil ekani aytildi.
O‘zbekistonda tarixiy merosni asrash, o‘rganish va targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlarga yuksak baho berildi.
<iframe width="356" height="633" src="https://www.youtube.com/embed/hhaDFu0WLWU" title="Paragvay Prezidenti Islom sivilizatsiyasi markaziga bordi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ikrom AVVALBOEV,
Otabek MIRSOATOV(surat),
O‘zA muxbirlari