Para sportchilarimizning hafta mobaynidagi yutuqlari
Yurtimiz para sportchilari o‘tayotgan hafta mobaynida bir qator xalqaro musobaqalarda o‘z iroda va mahoratlarini namoyish etdi.
Jumladan, Tunisda para yengil atletika bo‘yicha Parij-2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlariga muhim reyting ochkolarini taqdim etadigan xalqaro Gran-pri bahslarida mamlakatimizning 9 nafar matonatli sportchilari qatnashib, 5 ta kumush va 1 ta bronza, jami 6 ta medal sohiblari bo‘ldi.

Mazkur musobaqada erkaklar o‘rtasida T46/47 klassida uzunlikka sakrash bahslarida hamyurtimiz Omadbek Hasanov 6,51 metr natija bilan kumush medalga sazovor bo‘ldi. F37 klassida yadro uloqtirish bahslarida ikki nafar hamyurtimiz – Muhammad Rixsimov hamda Qudratullo Ma’rufxo‘jayev sovrindorlar safidan joy oldi. Rixsimov 13,86 metr natija bilan kumush medalga ega chiqqan bo‘lsa, 12,87 metr natija qayd etgan Ma’rufxo‘jayev bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Ayollar o‘rtasida F13/46 klassida nayza uloqtirish bahslarida esa Shahinaxon Yigitaliyeva 32,20 metr natija bilan 2-o‘rinni band etdi.
20 yoshgacha bo‘lgan jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida onlayn platformada o‘tgan Osiyo chempionatida ham O‘zbekiston sportchisi zafar quchdi.
Para shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoa a’zosi Ahadxon Kimsanboyev 9 ta davlatning eng kuchli para shaxmatchilari bilan bahslashdi. Murosasiz «aql janglari» natijasida Ahadxon Kimsanboyev 7 turda 7 ta g‘alaba qayd etdi va Osiyo chempionligiga erishdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA