Padel sporti ommalashib bormoqda
So‘nggi yillarda dunyoda tez sur’atlar bilan ommalashib borayotgan padel sportiga yurtimizda ham qiziqish ortib bormoqda. Mamlakatimizda ushbu sport turini rivojlantirish, ommalashtirish va aholi, ayniqsa, xotin-qizlarni jismoniy faollikka jalb etish borasida qator tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Padel 1969-yilda meksikalik Enrike Korkuera tomonidan yaratilgan bo‘lib, tennisga yaqin sport turi hisoblanadi. U maxsus o‘lchamdagi kortda juftliklar o‘rtasida o‘ynaladi va o‘ziga xos qoidalari bilan ajralib turadi. Bugungi kunda mazkur sport turi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida keng ommalashgan.
[gallery-30918]
Kuni kecha poytaxtdagi «Yunusobod» sport majmuasi hududida «Padel Square» jamoasi tashabbusi bilan havaskor ayollar o‘rtasida padel bo‘yicha musobaqa tashkil etildi.
Qiziqarli va murosasiz kechgan bahslar yakuniga ko‘ra Mubina Yo‘ldosheva birinchi o‘rinni egalladi. Arofat Abdukarimova ikkinchi, Yanna Xan esa uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Tadbir xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, sportga qiziqishni oshirish hamda ularning mazmunli dam olishini tashkil etishga xizmat qildi.
Muhammad AMIN(surat),O‘zA