"O‘zsuvta’minot": AQSH kompaniyalari bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, oqova suv xizmatlarini takomillashtirish va mavjud infratuzilmani zamonaviy talablar asosida rivojlantirish sohada yangi texnologiyalar hamda investitsiyalarni jalb etishni taqozo etmoqda. Bu borada xalqaro tajribani o‘rganish va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega.
19-oktabr kuni O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish doirasida “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ahmad Suvonqulov boshchiligidagi delegatsiya AQSHning “Aquatech”, “Nobel Systems” va “Honeywell International” kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralarda ichimlik va oqova suv tizimlarini modernizatsiya qilish, suv inshootlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Xususan, suv ta’minoti tizimlari samaradorligini oshirish, mavjud infratuzilmani ilg‘or texnologik yechimlar asosida takomillashtirish va AQSH kompaniyalarining tajribasidan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar istiqbolli loyihalar bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini batafsil o‘rganish va amaliy muzokaralarni davom ettirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Nilufar Bozorova, O‘zA