Ozod va obod yurtning baxtiyor yoshlari
“Universiada – 2016” musobaqalari nafaqat uning ishtirokchilari, balki butun xalqimiz hayotida unutilmas voqea bo‘lib qoladi. O‘zA muxbirlari musobaqa ishtirokchilari, sport muxlislari bilan suhbatlashdi.
“Universiada – 2016” musobaqalari nafaqat uning ishtirokchilari, balki butun xalqimiz hayotida unutilmas voqea bo‘lib qoladi. O‘zA muxbirlari musobaqa ishtirokchilari, sport muxlislari bilan suhbatlashdi.Sarvinoz Saidxo‘jayeva, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi, tennis bo‘yicha O‘zbekiston chempioni, xalqaro turnirlar sovrindori:
– “Universiada – 2016” sport musobaqalari biz, yoshlar qalbini nechog‘li to‘lqinlantirganini so‘z bilan ifodalab berish qiyin. Prezidentimizning musobaqa ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida yoshlarga qarata «aziz farzandlarim» deya mehr bilan aytilgan so‘zlaridan har birimiz juda qattiq ta’sirlandik. Yurakdan aytilgan so‘z yuraklarga borib yetadi. Tabrikdagi “olijanob fazilatlar bugun sport maydonlarida, ertaga hayot maydonlarida har biringizga hamisha yor bo‘lsin!” degan so‘zlarni eshitganimda quvonchdan ko‘zlarim yoshlandi. Bunday mehr va ishonchdan shunday suyundimki, go‘yo parvoz qilishga qanot paydo bo‘ldi.
“Universiada – 2016” sport o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida menga mash’ala yoqishdek baxt nasib etganidan boshim ko‘kka yetdi. Minglab tomoshabinlar qarshisida hayajonlangan bo‘lsam-da, ko‘nglimdan yuksak faxr tuyg‘ulari o‘tdi. Yurtboshimizning yoshlarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi bizga yanada mas’uliyat yuklamoqda. Kelajakda xalqaro musobaqalarda o‘zimni ko‘rsatib, bu ishonchni oqlashga harakat qilaman.
Bahodir Hasanov, boks bo‘yicha Samarqand viloyati terma jamoasi murabbiyi:
– Bugunning yoshlariga chin yurakdan havasim keladi. Ular ozod va obod yurtning baxtiyor yoshlari. Xohlagan sport turi bilan shug‘ullanishi, mahoratini oshirishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni so‘z bilan ifodalash qiyin. Oxirgi o‘n-o‘n besh yilda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, sportda erishilgan g‘alabalar nafaqat ko‘ksimizga g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi, balki boshqa mamlakatlar xalqlarining ham havasini keltirayotgani rost. Yurtboshimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rliklarni yoshlarimiz o‘z muvaffaqiyatlari bilan oqlashlariga ishonaman. Jamoamizning ham niyatlari katta. Boks bo‘yicha Osiyo chempionlari Aziz Shukurov, Mehroj Mavlonov va boshqalar musobaqalarga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan. Prezidentimizning bu nufuzli sport o‘yinlari ishtirokchilariga tabrigi bayram ruhini oshirib yubordi, hammamizga quvonch va g‘urur bag‘ishladi.
Zamira Sanaqulova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi:
– Mamlakatimizda joriy qilingan uch bosqichli uzluksiz sport tizimi millionlab yoshlarning qalbida sportga mehr va qiziqishni uyg‘otmoqda, irodasini mustahkamlab, o‘ziga ishonchini oshirayotir. Men ham badiiy gimnastikachi sifatida sportdagi ilk qadamlarimni 2009-yili Guliston shahrida bo‘lib o‘tgan “Umid nihollari” sport o‘yinlaridan boshlaganman. 2011-yili Termizda bo‘lgan “Barkamol avlod” musobaqalarida oltin medalni qo‘lga kiritishim katta sportga dadil qadam qo‘yishimda turtki bo‘ldi.
Bu yilgi Universiada musobaqalari ham yoshlar uchun o‘z iqtidor va salohiyatini namoyon etishida muhim ahamiyatga ega. Bu musobaqada qatnashgan sportchilar kelajakda ulkan natijalarni qo‘lga kiritishiga ishonamiz.
Oyishaxon Shodmonova, mehnat faxriysi (Farg‘ona):
– Tinch va osoyishta yurtga bayramlar yarashadi. Shahrimizda o‘tayotgan yoshlik, barkamollik, sport bayrami – Universiada musobaqalarini katta hayajon bilan kuzatmoqdamiz. Shijoatli, ahdi qat’iy bo‘lgan yoshlarimiz yuz-ko‘zlaridagi baxtiyorlikni ko‘rib, quvonmoqdamiz. Axir farzandini o‘zidan ham ortiq ko‘radigan o‘zbek xalqiga bugun butun dunyo havas qilmoqda. Farzandlarimiz uchun ana shunday keng imkoniyatlar yaratib, otalarcha g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan Yurtboshimizdan behad minnatdormiz.