Ozod Soliyev: Vatanimiz taraqqiyoti bizga cheksiz g‘urur baxsh etadi(+vidoye)
Bugun dunyoning turli mamlakatlarida istiqomat qilayotganvatandoshlarimiz bilan aloqalarni mustahkamlash, ularning yurt ravnaqiga qo‘shayotgan hissasini oshirish, xorijda tug‘ilib-o‘sayotgan yoshlarimiz milliy o‘zlikni asrab-avaylashini ta’minlash hukumatimizning doimiy e’tiborida. Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashab, vatandoshlarni birlashtirish, ummon ortida O‘zbekistonning ijobiy qiyofasini targ‘ib qilish hamda Vatan bilan aloqalarni mustahkamlash yo‘lida faoliyat yuritayotgan “Vatan Global Alliance” jamiyati raisi Ozodbek Soliyev bilan suhbatimiz shu haqda.
“Vatan Global Alliance” – vatandoshlarni birlashtirish maydoni
– Ozodbek aka, avvalo, “Vatan Global Alliance” jamiyatining tashkil etilishi va asosiy maqsadi haqida gapirib bersangiz.
– “Vatan Global Alliance” jamoasi Amerika Qo‘shma Shtatlari va Kanadada istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklarni yagona g‘oya va umumiy maqsadlar atrofida birlashtirish, ularning ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa yo‘nalishlardagi muammolarini hal etishga ko‘maklashish, talab va istaklarini qo‘llab-quvvatlashga intiladi.
Amerikadagi o‘zbeklar hayotida ulkan o‘zgarishlar yuz bermoqda
– 2003 yil AQSHga borgan ekansiz. O‘sha davr bilan solishtirganda, u yerdagi o‘zbekistonliklar hayoti va yurtimiz haqidagi tasavvurida qanday o‘zgarishni ko‘rasiz?
– 2003 yillar boshida Amerikada vatandoshlarimiz juda kam edi. Biz bilgan to‘rt-besh oila bor edi, xolos. Bugun vaziyat butunlay boshqacha. Masalan, Filadelfiyaning o‘zida qariyb 45 000 o‘zbekistonlik yashaydi. Boshqa shtatlarda ham vatandoshlarimiz ko‘p. Umuman, hozir AQSHda taxminan 650 000 o‘zbekistonlik istiqomat qilmoqda.
Asosiy farq shundaki, avvallari xorijga asosan ishlab, tajriba orttirib, keyin Vatanga qaytish maqsadida borilgan. Bugun esa vatandoshlarimiz turli rivojlangan mamlakatlarda o‘rnini topib, ham iqtisodiy, ham ma’naviy jihatdan rivojlanmoqda. Farzandlarimiz nufuzli ta’lim maskanlarida o‘qiyapti. Ular orasida turli soha vakillari bor. Yaqin to‘rt-besh yil ichida Senat va Kongressda ham vakillarimiz bo‘lsa, ajabmas.
“Millat shavkati” – vatandoshlarni birlashtirgan tashabbus
– Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan siz boshchiligingizda AQSH va Kanadada yashayotgan qariyb 600 nafar o‘zbekistonlik tomonidan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga murojaatnoma yo‘llandi. Bu tashabbus qanday paydo bo‘ldi?
– Biz “Millat shavkati” nomli, Prezidentimizga bag‘ishlangan kitobning Nyu-York va Filadelfiya shaharlarida taqdimotlarini o‘tkazdik. Ko‘tarinki ruhda o‘tgan, O‘zbekistondan borgan senatorlarimiz Abdusaid Ko‘chimov va Husan Ermatovlar ham ishtirok etgan tadbirlarda vatandoshlarimiz o‘z fikrlarini bildirdi.
Taqdimotdan cheksiz taassurot olgan vatandoshlarimiz o‘z minnatdorligini izhor etish maqsadida davlat rahbariga murojaatnoma yo‘llash tashabbusini ilgari surdi. Biz esa xatni Prezidentimizga yetkazdik.
Yangi O‘zbekiston — xorijdagi vatandoshlar nigohida
– “Millat shavkati” kitobi taqdimotidan so‘ng O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmagan yoki boshqa millat vakillarining mamlakatimiz haqidagi tasavvurida o‘zgarishlar sezildimi?
– 12 asardan iborat kitobda Yangi O‘zbekiston qanday barpo etilayotgani juda sodda va tushunarli tilda bayon qilingan. Menimcha, asarning asosiy jihati ham shunda.
Bugun men Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldim: taassurotimni so‘z bilan ifodalash qiyin. 8-9 yil ichida shunday ulkan maskan yaratilgani kishini hayratga soladi. Majmuada amalga oshirilgan ishlar elimiz nufuzi va milliy g‘ururimizni yuksaltirmoqda.
Menimcha, bu maskanga kirgan har qanday inson O‘zbekistonga, o‘zbek millatiga hurmat va ta’zim tuyg‘usi bilan chiqadi. Bunga o‘zim amin bo‘ldim.
Yoshlar – milliy o‘zlikni saqlashning asosiy kuchi
– AQSHda mustaqillikdan avval yoki istiqlol yillari borgan hamyurtlarimiz va tabiiyki, o‘sha yurtda tug‘ilgan yosh avlodimiz ham bor. Ular orasidagi farq nima? Xorijda o‘sayotgan o‘g‘il-qizlarimizni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak?
– Amerika hayot tarzi O‘zbekistondagidan farq qiladi. Ya’ni, ummon ortida yashayotgan vatandoshlarimiz ayrim an’ana va qoidalarga boshqacharoq qarashi tabiiy. Bugun farzandlarimiz tarbiyasida eng ko‘p e’tibor qaratilayotgan masalalardan biri – ona tilimizga munosabat.
Bu borada tashqi muhitning ta’siri kuchli. Shu bois ota-onalar, jamoatchilik bilan alohida ishlayapmiz. O‘zligimiz, tariximiz va tilimizga hurmatni asrash juda muhim. O‘sayotgan avlod ikki-uch tilda bemalol gaplashadi. Bu, albatta, katta imkoniyat va madaniy boylik.
Yaqinda Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov bilan ham uchrashdik. U kishi bilan yoshlarimiz, bolalarimiz uchun oromgohlar tashkil etish, ularni O‘zbekistonga olib kelish, milliy madaniyatimiz bilan yaqindan tanishtirish masalalari muhokama qilindi.
Maqsadimiz – yoshlar qalbida Vatanga mehr uyg‘otish. Ular diyorimizga kelib, unutilmas taassurot olsin, “Qachon yana O‘zbekistonga boraman?” degan tuyg‘u bilan yashasin. Bu milliy o‘zlikni saqlashning eng samarali yo‘llaridan biri, deb o‘ylayman.
“O‘zbekistonga har gal kelganimda yangi o‘zgarishlarga guvoh bo‘laman”
– O‘zbekistonga tez-tez kelasiz va Yangi O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni ko‘rib, muayyan taassurot olasiz, albatta. Bu tuyg‘uni Amerikadagi vatandoshlarga qanday yetkazasiz?
– Har gal O‘zbekistonga kelganimda o‘nlab o‘zgarishlarga guvoh bo‘laman. Yangiliklarni sanab ulgurmayman. Yangi shaharlar, mavzelar barpo etilmoqda, tarixiy maskanlar tiklanmoqda, madaniy majmualar yaratilmoqda.
Bir necha kun oldin Imom Buxoriy majmuasida boshqa millat va davlatlardan kelgan yuzlab mehmonlarni ko‘rdim. Maskanning buyukligi, bugungi kundagi ko‘rki va nufuzi har bir yurtdoshimizni quvontiradi.
Men Amerikada doim “Buxoriy, Moturidiy, Termiziylar yurtidanman”, deya faxrlanaman.
Bunday o‘zgarishlar O‘zbekistonga qiziqishni yanada kuchaytirmoqda. Qaytganimdan so‘ng video lavhalar va suhbatlar orqali taassurotlarimni vatandoshlarim bilan bo‘lishaman, albatta.
Yoshlarimiz Vatanimizni dunyoga tanitadi
– Bugun dunyoning ko‘plab mamlakatlarida o‘zbek yoshlari yashab, ta’lim olib, mehnat qilmoqda. Ularga qanday tilaklaringiz bor?
– Yoshlarimizga tilagim – avvalo ilm olishsin, o‘z iqtidori bilan yurtimizni dunyoga tanitishsin.
Amerika Qo‘shma Shtatlari 250 yilligini nishonlamoqda. Bizning tariximiz esa uch ming yildan ziyod. Yoshlarimiz Mirzo Ulug‘bek, Amir Temur, Moturidiy kabi buyuk ajdodlar davomchisi ekanliklarini anglab yetishi kerak. Shunday buyuk tarixga ega xalqligimizni mudom yodda tutishimiz shart.
Qayerda bo‘lmaylik, qaysi davlat yoki shaharda yashamaylik, Vatanimiz bir zum ham xayolimizdan ko‘tarilmasin. “Vatan Global Alliance” jamoasi tashkil etilishining asosiy sababi ham shu. Xorijga qanday reja bilan borganligimizdan qat’i nazar, chet elda turib bo‘lsa-da, jonajon Vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shish vaqti keldi.
Men doim vatandoshlarimizga aytaman: Bugun O‘zbekistonda kechayotgan o‘zgarishlardan chetda qolmaylik. Vatanimiz taraqqiyoti biz uchun yuksak g‘urur.
O‘zA muxbiri Nozimjon Mardonov suhbatlashdi