“O‘zmilliybank” AJ xodimlari malaka oshirmoqda
Poytaxtimizda “O‘zmilliybank” AJning Xodimlar bilan ishlash departamenti va O‘quv banki tashabbusi bilan kreditlash faoliyati bilan shug‘ullanish bo‘yicha mas’ul bo‘lgan barcha xodimlari uchun “Kredit hujjatlarini shakllantirish va mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatish” dasturi doirasida tizimli malaka oshirish kurslariga start berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 31 oktyabrdagi “Bank-moliya sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va “O‘zmilliybank” AJning 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan uzoq muddatli rivojlanish strategiyasiga muvofiq, bank faoliyatini transformatsiya qilish, tizimda bilimli, tashabbuskor, zamonaviy fikr va dunyoqarashga ega malakali kadrlarni shakllantirish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish maqsad qilingan.
Malaka oshirish kurslariga bankning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi filiallaridan yuqoridagi yo‘nalish bo‘yicha mas’ul hisoblangan bo‘lim boshliqlari, bosh va yetakchi mutaxassislardan iborat mingdan ortiq tinglovchilar jalb etilishi rejalashtirilgan.
[gallery-6134]
Mazkur malaka oshirish kurslarini keng qamrovli, xodimlar uchun samarali tashkil etish maqsadida bankning Kredit, Yuridik xizmat, Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, Xatarlarni boshqarish, Chakana biznes, Kreditlarni monitoring qilish va dastlabki undirish, Bank va axborot xavfsizligi, Kredit qarzdorliklarini undirish departamentlaridan malakali va katta tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislardan iborat murabbiylar jalb etildi.
Malaka oshirish kurslari davom etmoqda.
“O‘zmilliybank” AJ matbuot xizmati