«O‘zmilliybank» AJ: kimbirli ekspert missiyasi
Zargarlik sanoati milliy iqtisodiyotimizning drayver sohalaridan biriga aylandi. Davlatimiz rahbarining tizimga qaratayotgan e’tibori va sohaning tashkiliy, huquqiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi bu borada muhim ahamiyatga ega.
Xususan, Prezidentimizning 2024 yil 23 iyuldagi “Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini yanada rivojlantirish va ularning raqobatbardoshligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan sohadagi ishlab chiqarish quvvatlarini yanada kengaytirish va uning raqobatbardoshligini ta’minlashning yana bir huquqiy asosi kuchga kirdi.
Mazkur farmonda zargarlik buyumlari eksportini oshirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish vazifasi qo‘yilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Kimberli jarayoni” — Xalqaro ishlov berilmagan olmoslar savdosini tartibga solish tashkilotiga a’zo bo‘lishi yuzasidan zarur choralar ko‘rish bo‘yicha ish olib borilishi belgilangan. Shu maqsadda "Kimberli ekspert missiyasi" delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Delegatsiya a’zolarining ilk manzili – Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi bo‘ldi. Vazirlikda bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekistonning "Kimberli jarayoni"dagi ishtiroki tabiiy resurslar savdosini mas’uliyatli va shaffof tartibga solish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishi aytildi. Tomonlar O‘zbekiston iqtisodiyotida shaffoflikni oshirish va mahalliy zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish chora-tadbirlarini muhokama qildi. "Kimberli jarayoni" tizimiga muvaffaqiyatli uyg‘unlashish uchun zargarlik sanoatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishi bo‘lgan olmoslar xomashyosini import qilish uchun sharoit yaratish zarurligi qayd etildi.
Delegatsiya a’zolari Davlat bojxona qo‘mitasining “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksida ham bo‘lishdi. Bu yerda mehmonlarga bojxona nazorati, jarayonda qo‘llaniluvchi zamonaviy texnologiyalar va mexanizmlarning tatbiq etilganligi to‘g‘risida tushuncha berildi va tanishtirildi.
–Biz Kimberli Sertifikatlash jarayonini amalga oshirish uchun bu yerga, O‘zbekistonga tashrif buyurdik, –dedi Birlashgan Arab Amirliklaridan kelgan ishtirokchi Naziya Haquye. – Ushbu jarayonga boshchilik qilayotgan BAA delegatsiyasi mamlakatingizning tayyorligini ko‘rib juda mamnun bo‘ldi. Chunki ichki nazoratlar va qonunchilik yaxshi rivojlangan. Jamoamiz bojxona tizimi va vazirliklarning ichki nazoratlarini o‘rganib, ularning tizimlarini sinchiklab o‘rgandi. Biz hisobotimizni yozib, noyabr oyida BAAda bo‘lib o‘tadigan umumiy yig‘ilishda taqdim etamiz. Mamlakatimizda zargarlik sanoatini rivojlantirish va uning istiqbolini yuksaltirishda Savdo-sanoat palatasi, "O‘zbekzargarsanoati" uyushmasi va “O‘zmilliybank” AJning hamkorligi katta ahamiyatga ega.
Ta’kidlash joiz, bugungi kunda “O‘zmilliybank” AJning barcha hududiy bo‘linmalarida oltin omborlari zaxirasi tashkil etilgan. Raqamlarga e’tibor qaratamiz. 2024 yilda zargarlik buyumlari ishlab chiqarish hajmi 6050 kilogramm, qiymati 2064,7 milliard so‘mni tashkil etgan. Davlatimiz rahbari farmonidan so‘ng 805,2 milliard so‘mga teng zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Bu 15 foizga oshgan degani. Yanvar-sentyabr oylari davomida birja savdolari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma orqali jami 2501,2 kilo oltin sotib olingan. Prezidentimiz farmonidan keyin 1021,5 kilo qimmatbaho metall sotib olinib, xarid hajmi 15 foizga oshgan.
2024 yilning yanvar-sentyabr oylarida 70,4 million dollarga teng bo‘lgan 1421,9 kilogramm zargarlik buyumlari eksport qilingan bo‘lsa, farmondan so‘ng 50,9 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Bu esa eksport hajmi 5 barobarga ortganligidan dalolat. Joriy etilayotgan mexanizm, taqdim etilayotgan imkoniyat hamda qulayliklar, shubhasiz soha rivojiga xizmat qiladi.
“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati