“O‘zmilliybank” AJ investitsiya loyihalarini moliyalashtirish maqsadida Xitoy Eksimbankidan 700 mln yuan jalb qildi
2026-yil 25-iyun kuni Pekin shahrida “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ («O‘zmilliybank» AJ) va Xitoy Eksport-import banki (Xitoy Eksimbanki) o‘rtasida 700 mln. yuan (100 mln. AQSH doll. ekvivalenti) miqdoridagi moliyalashtirishni jalb qilish to‘g‘risida kelishuv imzolandi.
Kelishuvning imzolanishi ikki bank o‘rtasidagi uzoq muddatli moliyaviy hamkorlikning yangi bosqichini aks ettirgan bo‘lib mamlakatdagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash, mahalliy korxonalarni modernizatsiya qilish va O‘zbekiston-Xitoy savdo-iqtisodiy hamkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan.
“O‘zmilliybank” AJ tomonidan Xitoy Eksimbankining strategik hamkor sifatida tanlanishi o‘zaro ishonch, yuksak ishbilarmonlik nufuzi hamda qo‘shma loyihalarni samarali amalga oshirishga asoslangan yigirma yildan ortiq davom etgan muvaffaqiyatli hamkorlik natijasidir. Ushbu davr mobaynida “O‘zmilliybank” AJ Xitoyning yetakchi davlat moliya institutlarining O‘zbekistondagi asosiy moliyaviy hamkori bo‘lib kelmoqda. Hamkorlik munosabatlarining izchil rivojlanishi tufayli bank har yili mamlakat iqtisodiyotining uzoq muddatli xorijiy moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
O‘zaro hamkorlik doirasida “O‘zmilliybank” AJ va Xitoy Eksimbanki tomonidan iqtisodiyotning strategik tarmoqlarida, jumladan sanoat, energetika, transport infratuzilmasi va telekommunikatsiya sohalarida 27dan ortiq yirik investitsiya va infratuzilma loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Bundan tashqari, bank ko‘magida kichik va o‘rta biznesning 170 dan ortiq loyihalari moliyalashtirildi, bu esa yangi ishlab chiqarish quvvatlari, ish o‘rinlari yaratish va mahalliy korxonalarning eksport salohiyatini kengaytirishga xizmat qildi.
Ko‘p yillik samarali hamkorlikning boy tajribasi yangi qarz bitimini imzolash uchun mustahkam zamin yaratdi. Ushbu bitim “O‘zmilliybank” AJ va Xitoy Eksimbanki o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yangi sifat bosqichiga olib chiqib, Xitoyning yetakchi davlat moliya institutlaridan biri tomonidan bankka bildirilayotgan yuksak ishonchning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.
Jalb qilingan moliyalashtirish “O‘zmilliybank” AJ ning xalqaro resurs bazasini yanada diversifikatsiya qilish va xitoy yuanidagi operatsiyalarni kengaytirish strategiyasining muhim elementiga aylanadi. Mablag‘lar Xitoydan zamonaviy asbob-uskunalar va xomashyo xarid qilishni moliyalashtirishga, bank mijozlarining investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro savdoni rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Bitimning amalga oshirilishi mahalliy korxonalarga xitoy valyutasida uzoq muddatli moliyaviy resurslarni jalb qilish imkonini beradi, bu esa valyuta xatarlarini kamaytiradi va xitoylik hamkorlar bilan hisob-kitoblar samaradorligini oshiradi.
“O‘zmilliybank” AJ O‘zbekiston bank tizimida yuan bilan moliyalashtirish bo‘yicha yetakchi bank sifatidagi mavqeini izchil mustahkamlab bormoqda. Bugungi kunda bank tomonidan xitoy valyutasida jalb qilingan kredit liniyalarining umumiy hajmi
11,5 mlrd yuandan (1,7 mlrd AQSH dollari ekvivalenti) oshadi. Hozirgi vaqtda bankning xitoy yuanida shakllantirilgan kredit portfeli hajmi deyarli 1,2 mlrd AQSH dollarini yoki umumiy kredit portfelining 13 foizini tashkil etadi, bu mahalliy biznes vakillari tomonidan Xitoy milliy valyutasida moliyalashtirish va hisob-kitoblarga bo‘lgan talabning barqaror o‘sib borayotganini aks ettiradi.
Bitimning imzolanishi O‘zbekiston-Xitoy savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligining jadal rivojlanishi fonida bo‘lib o‘tdi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 34 foizga o‘sib, 17 mlrd AQSH dollaridan oshdi. Joriy yilning boshidan buyon o‘zaro savdo hajmi 6 mlrd AQSH dollaridan oshdi, o‘zlashtirilgan Xitoy to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari hajmi 8 mlrd dollardan ziyodni tashkil etdi, O‘zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalar soni esa 6 mingtaga yaqinlashdi. Bu ko‘rsatkichlar ikki davlat o‘rtasidagi strategik iqtisodiy sheriklik mustahkamlanib borayotganini tasdiqlaydi.
Xalqaro moliya institutlarining yuqori ishonchi “O‘zmilliybank” AJning barqaror moliyaviy natijalariga asoslanadi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (XMHS) asosida tayyorlangan konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotga muvofiq, bank aktivlari 12,4 mlrd AQSH dollaridan oshdi, kredit portfeli 9 mlrd AQSH dollariga yetdi, jami kapital esa 1,8 mlrd AQSH dollarini tashkil etdi. Asosiy moliyaviy ko‘rsatkichlarning barchasi bo‘yicha “O‘zmilliybank” AJ O‘zbekiston Respublikasi bank tizimida yetakchi o‘rinlarni saqlab kelmoqda.
Yuqori moliyaviy natijalar bank biznes-modelining barqarorligini, korporativ boshqaruv tizimining samaradorligini va “O‘zmilliybank” AJning eng yirik xalqaro moliya institutlaridan uzoq muddatli moliyalashtirishni jalb qilish qobiliyatini tasdiqlaydi. “O‘zmilliybank” AJ mamlakatning eng yirik va iqtisodiyot uchun strategik ahamiyatga ega banki sifatidagi yetakchi maqomini saqlab kelmoqda hamda Markaziy Osiyo mintaqasining eng ishonchli va barqaror moliya institutlari qatoridan munosib o‘rin egallamoqda.
Xalqaro moliyaviy hamjamiyatning yuqori darajadagi ishonchining qo‘shimcha tasdig‘i “O‘zmilliybank” AJning xalqaro kredit reytinglari O‘zbekiston Respublikasining suveren reytingi darajasida saqlanib qolayotganidir. Fitch Ratings va S&P Global Ratings xalqaro reyting agentliklari bank reytinglarini «ijobiy» istiqbol bilan «BB» darajasida tasdiqlaydi, bu aktivlarning yuqori sifati, barqaror kapitallashuv, likvidlikning yetarli darajasi va konservativ tavakkalchiliklarni boshqarish tizimini aks ettiradi.
Imzolangan bitim, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2026-yilga mo‘ljallangan Davlat investitsiya dasturini amalga oshirishga xizmat qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-49-sonli qaroriga muvofiq, “O‘zmilliybank” AJ oldiga tashqi manbalardan umumiy qiymati 1,5 mlrd AQSH dollari miqdoridagi kredit liniyalarini jalb qilish vazifasi qo‘yilgan.
Xitoy Eksimbanki bilan yangi bitimning imzolanishi xalqaro moliya institutlarining “O‘zmilliybank” AJga bo‘lgan yuqori ishonchining, uning O‘zbekiston moliya bozoridagi yetakchi mavqei va mamlakatning ustuvor loyihalarini amalga oshirish uchun xorijiy kapitalni samarali jalb qilish qobiliyatining navbatdagi tasdig‘i bo‘ldi. Bank bundan buyon ham jahonning yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, investitsion o‘sishni barqaror moliyalashtirish va O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy taraqqiyotiga doir strategik vazifalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan faoliyatni jadal ravishda davom ettiradi.
Ma’lumot uchun:
Xitoy eksport-import banki 1994-yilda tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatning tashqi iqtisodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan Xitoyning uchta siyosiy banklaridan biri hisoblanadi. Bank xalqaro loyihalarni moliyalashtirishda faol ishtirok etadi va Xitoyning xorijiy hamkorlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusini amalga oshirishda muhim rol o‘ynaydi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, bankning umumiy aktivlari 897 mlrd dollarni, o‘z kapitali – 58 mlrd dollarni, sof foydasi esa 528 mln dollarni tashkil etdi.