“O‘zkimyosanoat” AJ mutaxassislari sun’iy intellekt sohasida malakasini oshirdi
Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, jarayonlarni avtomatlashtirish hamda innovatsion yechimlarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu yo‘nalishda “O‘zkimyosanoat” AJ mutaxassislari Xitoyning “Harbin Institute of Technology” (Shenzhen) universitetida tashkil etilgan “Artificial Intelligence Empowering Sustainable Development” xalqaro o‘quv dasturida ishtirok etdi.
Dastur davomida ishtirokchilar sun’iy intellekt texnologiyalari, AI-agentlar, raqamli transformatsiya hamda “Smart Manufacturing” sohalaridagi zamonaviy yondashuvlar bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini yanada boyitdi.

Shuningdek, o‘quv dasturi doirasida “BYD”, “Mindray”, “Dobot”, “BGI Group” va “Fengnong Holdings” kabi Xitoyning yetakchi texnologik kompaniyalariga amaliy tashriflar tashkil etildi. Unda ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, robototexnika, katta ma’lumotlar tahlili hamda sun’iy intellekt asosidagi innovatsion yechimlarning amaldagi qo‘llanilishi bilan yaqindan tanishildi.

Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur xalqaro dastur “O‘zkimyosanoat” mutaxassislarining raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqarish hamda boshqaruv jarayonlariga tatbiq etish bo‘yicha tajribasini yanada boyitishda amaliy yordam beradi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA