“O‘zbekneftgaz” tizimida tanqidiy yig‘ilish: mas’ullarga qat’iy choralar ko‘rildi
Neft-gaz sohasida samaradorlikni oshirish, investitsiyalarni to‘g‘ri yo‘naltirish va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini barqaror ta’minlash bugungi kunning muhim masalasi. Shu sababli, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatida o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishda sohadagi holat tanqidiy ruhda ko‘rib chiqildi.
Unda joriy yil birinchi choragi va “Dolzarb 100 kunlik” dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar atroflicha sarhisob qilindi.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, geologiya yo‘nalishini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar, moliyaviy resurslar va qulay sharoitlar yaratilganiga qaramasdan, kutilgan natijalarga erishilmayapti. Amalga oshirilayotgan ishlar hajmi bilan ularning amaliy samarasi o‘rtasida sezilarli nomutanosiblik saqlanib qolmoqda.
Xususan, investitsiyalarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari rasman 100,1 foizga bajarilgani qayd etilgan bo‘lsa-da, chuqur tahlil natijalari mutlaqo boshqacha manzarani ko‘rsatmoqda. O‘sish sur’ati bor-yo‘g‘i 63,4 foizni tashkil etgan bo‘lib, bu o‘tgan davrga nisbatan 111,4 million dollar kam o‘zlashtirilganini anglatadi. Bu esa raqamlar ortida samaradorlik pastligi yashirin ekanini ko‘rsatadi.
Mutaxassislarning fikricha, bunday holat mas’ullar tomonidan ish jarayonlariga yetarlicha e’tibor qaratilmayotgani va mavjud zaxiralardan to‘liq foydalanilmayotgani bilan izohlanadi.
Yig‘ilishda qo‘shma korxonalar faoliyati ham alohida tahlil qilindi. Ma’lum bo‘lishicha, bu yo‘nalishda tizimli muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan, 9 ta qo‘shma korxonadan faqat 2 tasi dividend to‘layotgani jiddiy kamchilik sifatida baholandi. Bu esa nazorat va monitoring tizimi samarasiz ekanini ko‘rsatadi.
Alohida e’tibor “Gissarneftgaz” korxonasi faoliyatiga qaratildi. Loyiha qiymati 157 million dollar bo‘lgan mazkur korxonada 2016-2025-yillarga mo‘ljallangan 13,2 milliard kub metr gaz qazib chiqarish rejasi belgilangan bo‘lsa-da, amalda bu ko‘rsatkich atigi 2,2 milliard metr kub, ya’ni 16,4 foizni tashkil etgan. Shu bilan birga, neft va kondensat qazib chiqarish ham rejadan ortda qolgan. Xarajatlar 40 foizga, zarar esa 70 foizga oshgani qayd etildi.
Korxonada 550 nafar xodim mehnat qilayotganiga qaramasdan, optimallashtirish ishlari amalga oshirilmagan, ish haqlari esa o‘z vaqtida to‘lanmayotgani tanqid qilindi.
Shuningdek, qo‘shma korxonalar bilan ishlashni samarali tashkil etmagani uchun mas’ul rahbar lavozimidan ozod etildi.
Yig‘ilish davomida ishlab chiqarish jarayonlaridagi uzilishlar va avariya holatlari ham muhokama qilindi. Jumladan, Gazlida yuz bergan holat misolida energetika tizimidagi kamchiliklar sabab kompressor agregati to‘xtab qolgani va natijada kunlik gaz qazib chiqarish hajmi 207 ming kub metrga kamaygani qayd etildi.
Unda eski quduqlar hisobiga gaz qazib chiqarish pasayib borayotgan bir sharoitda, ayrim mas’ullarning befarqligi tufayli yuzaga kelayotgan avariyalar umumiy natijalarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, yig‘ilishda mas’uliyatsizlik va yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun bir qator rahbarlarga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanildi. Jumladan, 4 nafar rahbarga hayfsan va jarima jazolari berildi, 1 nafar mas’ul esa lavozimidan ozod etildi.
Sarhisob yakuniga ko‘ra, barcha darajadagi rahbarlarga birinchi chorak yakunlari bo‘yicha ishlab chiqarish va moliyaviy hisobotlarni topshirishdan oldin ularni qayta ko‘rib chiqish, rejalar ijrosini ta’minlash va o‘sish sur’atlarini jadallashtirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA