“O‘zbekneftgaz” AJ: ishlab chiqarish va geologiyada yuqori natijalar qayd etildi
“O‘zbekneftgaz” AJda 2026-yildan boshlab amalga oshirilayotgan “Dolzarb 100 kunlik” dasturi qisqa vaqt ichida o‘zining amaliy natijalari bilan namoyon bo‘lib, tarmoqda keng ko‘lamli islohotlarni jadallashtirishga xizmat qilmoqda.
Bu haqda jamiyat boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Suhrob Hamroyev quyidagilarni ma’lum qildi:
–Tashkilotimiz tomonidan geologiya-qidiruv, burg‘ilash, qazib chiqarish, qayta ishlash, investitsiya siyosati hamda ijtimoiy yo‘nalishlarni qamrab olgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Eng avvalo, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash va xarajatlarni optimallashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Bu mablag‘larni ustuvor yo‘nalishlarga samarali taqsimlash imkonini berdi.
Natijada joriy yilning dastlabki choragida 2,5 trillion so‘m xarajatlar optimallashtirildi. Shuningdek, tovar-moddiy resurslar va xizmatlar narxlarini pasaytirish, debitor qarzdorliklarni undirish hamda ishlab chiqaruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar orqali 1,8 trillion so‘m mablag‘ tejaldi. Sohaga oid bo‘lmagan aktivlarni tasarrufdan chiqarish orqali 30 milliard so‘m, qurilish va burg‘ilash loyihalarini optimallashtirish hisobiga esa 438 milliard so‘m tejamkorlikka erishildi.
Geologiya-qidiruv ishlari ham yangi bosqichga ko‘tarildi. Zamonaviy 3D seysmik tadqiqotlari asosida yangi istiqbolli maydonlar aniqlanib, resurs bazasi kengaytirilmoqda. Jami 10 000 kv.km hajmda 3D seysmik ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 4 baravar ko‘pdir. Shuningdek, 42 ta investitsiya bloki bo‘yicha ruxsatnomalar olindi.
Burg‘ilash yo‘nalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilda jami 102 ta quduq burg‘ilash rejalashtirilgan bo‘lib, ularning 57 tasi izlov-qidiruv, 45 tasi ishlatish quduqlaridir. Ushbu davrda 17 ta quduqdan sanoat miqyosida gaz oqimi olindi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3 ta yangi kon aniqlandi. Shuningdek, 29 ta quduq ta’mirlandi va 11 ta texnologik tadbir amalga oshirildi.
Ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarida ham barqaror o‘sish ta’minlandi. Jumladan, 4,789 milliard metr kub tabiiy gaz, 141,3 ming tonna gaz kondensati, 152,9 ming tonna suyultirilgan gaz, 48 ming tonna oltingugurt va 36,1 ming tonna polietilen ishlab chiqarildi. Aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga 132,2 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi.
“Uzbekistan GTL” zavodida sintetik neft mahsulotlari ishlab chiqarish barqaror yo‘lga qo‘yilib, mahsulot hajmi 169 foiz o‘sish bilan 89,1 ming tonnaga oshdi.
“Dolzarb 100 kunlik” dasturi investitsiya siyosatini qayta ko‘rib chiqishda ham muhim bosqich bo‘ldi. Har bir loyiha endilikda uning iqtisodiy samaradorligi va strategik ahamiyatidan kelib chiqib baholanmoqda. Shu asosda Xitoyning CNPC korporatsiyasi tarkibidagi “XIBU”, “Shandong Molong”, “Hengyang Valin” hamda “BGP” kompaniyalari bilan hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Umuman olganda, “Dolzarb 100 kunlik” dasturi geologiya va ishlab chiqarish yo‘nalishlarida yuqori natijalarni ta’minlab, tarmoqni yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA