O‘zbekistonning yana ikki kanali Jahon irrigatsiya merosi ro‘yxatidan joy oldi
O‘zbekistonning “Darg‘om” va “Shohrud” kanallari 2026-yilda Jahon irrigatsiya merosi ob’ektlari sifatida e’tirof etilib, Irrigatsiya va drenaj bo‘yicha xalqaro komissiya (MKID) reyestriga kiritildi. Bu haqda Suv xo‘jaligi ob’ektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi xabar berdi.
Taqdirlash marosimi 14-oktabr kuni Fransiyaning Marsel shahrida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro kongress doirasida o‘tkazildi. Unda mas’ullarga kanallar uchun sertifikatlar va esdalik lavhalari topshirildi.
Samarqand vohasini suv bilan ta’minlaydigan “Darg‘om” kanali miloddan avvalgi V-IV asrlarda qurilgan deb hisoblanadi. Uzunligi qariyb 102 kilometr bo‘lgan kanal bugun ham 178 ming gektarga yaqin maydonni sug‘orishga xizmat qiladi.
“Shohrud” kanali esa milodiy III-IV asrlarda qazilgan deb taxmin qilinadi. U asrlar davomida Buxoro shahri va vohaning rivojlanishida muhim o‘rin tutgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilda O‘zbekistonning “Do‘stlik” va “Eski Tuyatortar” kanallari ham Jahon irrigatsiya merosi ro‘yxatiga kiritilgan edi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA