O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 72 mlrd. dollardan oshdi
Avgust oyida mamlakatning xalqaro zaxiralari 7,8 milliard dollarga ko‘paydi. Oltinning fizik hajmi esa rekord daraja — qariyb 439 tonnaga yetdi.
O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari avgust oyida sezilarli darajada oshdi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 1-sentabr holatiga mamlakatning xalqaro zaxiralari 72,13 milliard dollarni tashkil etgan. Bu iyul oyidagi 64,35 milliard dollarga nisbatan 7,78 milliard dollar yoki 12,1 foiz ko‘p.
Zaxiralar o‘sishining asosiy omili — jahon bozorida oltin narxining keskin ko‘tarilishi bo‘ldi. Avgust oyida bir troy unsiya oltinning qiymati 4052,2 dollardan 4602 dollargacha, ya’ni qariyb 13,6 foizga oshdi. Oltin narxining o‘sishi bilan bir qatorda, Markaziy bank zaxiralardagi oltinning fizik hajmini ham oshirdi.
Avgust oyida oltin zaxirasi 258,9 ming troy unsiyaga yoki qariyb 8,05 tonnaga ko‘paydi. Natijada uning umumiy hajmi 14,11 million troy unsiyaga, ya’ni qariyb 438,9 tonnaga yetdi.
Bu 2013-yildan buyon statistika yuritila boshlanganidan keyingi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Oltin zaxiralarining qiymati esa bir oyda 8,81 milliard dollarga oshib, 56,12 milliard dollardan 64,93 milliard dollarga yetdi. Shu tariqa, oltinning xalqaro zaxiralar tarkibidagi ulushi 90 foizga yaqinlashdi. Qayd etish joizki, iyul oyida oltin zaxirasining fizik hajmi qariyb 0,94 tonnaga kamaygan edi. Avgustda esa Markaziy bank oltin hajmini yana oshirib, yangi rekord ko‘rsatkich qayd etdi.
Zaxiralarning oltin qismi sezilarli o‘sgan bir paytda, xorijiy valyutadagi aktivlar hajmi kamaydi. Avgust oyida xorijiy valyutadagi zaxira aktivlari 7,65 milliard dollardan 6,64 milliard dollargacha, ya’ni qariyb 1,02 milliard dollarga qisqargan.
Qimmatli qog‘ozlar portfeli esa atigi 3,4 million dollarga o‘sib, 1,766 milliard dollarni tashkil etdi.
Avgust oyida jahon bozorida oltin narxi bir necha oy davom etgan pasayishdan so‘ng yana yuqoriga ko‘tarildi. Bunda dollar kursining zaiflashishi, AQSH davlat obligatsiyalari daromadliligining pasayishi hamda Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinlik muhim omillardan bo‘ldi. Shuningdek, iyul oyi oxiridan birja fondlarining oltin xaridini qayta faollashtirishi qimmatbaho metallga bo‘lgan talabni oshirdi.
Markaziy bank avvalroq xalqaro zaxiralar tarkibida oltin ulushining yuqoriligini aktivlarni boshqarishdagi konservativ yondashuv bilan izohlagan. Shu bilan birga, regulyator qimmatbaho metallar narxiga bog‘liqlikni kamaytirish maqsadida zaxiralarni bosqichma-bosqich diversifikatsiya qilib bormoqda. Umuman, xalqaro zaxiralar mamlakatning tashqi iqtisodiy barqarorligi uchun muhim moliyaviy «himoya yostig‘i» vazifasini bajaradi. Ular milliy valyuta kursining keskin tebranishlarini yumshatish, tashqi majburiyatlarni bajarish va zarur holatlarda importni moliyalashtirish imkonini beradi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA