O‘zbekistonning suveren kredit reytingi ko‘tarildi
Nufuzli "Moody’s Ratings" xalqaro agentligi O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingini "Ba3" darajasidan "Ba2" darajasiga ko‘tardi va reyting prognozini "barqaror" deb belgiladi.
Agentlikning baholashicha, reytingning oshirilishi mamlakatdagi institutsional va boshqaruv sifatining izchil yaxshilanishi, shuningdek, iqtisodiy va fiskal ko‘rsatkichlarning mustahkamlanishi bilan bevosita bog‘liq.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, "Barqaror" prognoz Moody’s agentligining O‘zbekiston kredit profiliga ta’sir etuvchi xatarlar "Ba2" darajasida muvozanatlangan, degan bahosini aks ettiradi.
Mazkur qaror global moliya bozorlaridagi noaniqlik sharoitida ham mamlakatda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning, makroiqtisodiy barqarorlik va investitsiyaviy muhitni yaxshilash bo‘yicha sa’y-harakatlarning xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganidan dalolat beradi. Bu xalqaro investorlarning O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA