O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etishga oid tashabbuslari barchaga ibrat
Poytaxtimizda boshlangan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi g‘oyat qizg‘in ruhda o‘tmoqda. Bu jihatlar xalqaro forum ishtirokchilarining fikr-mulohazalarida ham o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda.
Damir Muxetdinov, Rossiya Federatsiyasi musulmonlari Diniy boshqarmasi Raisining birinchi o‘rinbosari:
– O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro forum menda juda katta taassurot qoldirdi. Bu yerda islomning haqiqiy mohiyati – tinchlik, bag‘rikenglik, ilm-fan va ma’rifat g‘oyalari nainki muhokama qilinmoqda, balki amaliy tashabbuslar bilan boyitilmoqda.
Ayniqsa, O‘zbekiston rahbariyatining buyuk allomalar merosini tiklash, qo‘lyozmalarni asrab-avaylash va ularni jahon ilmiy jamoatchiligiga yetkazish borasidagi sa’y-harakatlari yuksak e’tirofga loyiq. Mazkur forum turli mamlakatlar olimlari va din arboblarini birlashtirib, o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlaydigan muhim muloqot maydoniga aylangani quvonarli.
Ishonamanki, ushbu forumdan tug‘iladigan ilmiy va ma’rifiy tashabbuslar nafaqat mintaqa, balki butun musulmon olami uchun katta ahamiyatga ega bo‘ladi. O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etishga qaratilgan sa’y-harakatlari barchaga ibrat bo‘ladi.

Ibrohim Najim, Misr Arab Respublikasi Bosh muftiysining katta maslahatchisi, Jahon fatvo idoralari kengashining Bosh kotibi:
– O‘zbekistonda tashkil etilgan mazkur nufuzli forum menda juda iliq taassurot qoldirdi. Bu anjuman islom dinining asl mohiyati – ilm, ma’rifat, bag‘rikenglik va ezgulik g‘oyalarini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish uchun muhim muloqot maydoni ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Ayniqsa, O‘zbekistonning buyuk muhaddislar va mutafakkirlar ilmiy merosini o‘rganish, uni zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq etish hamda jahon jamoatchiligiga yetkazishga qaratayotgan e’tibori yuksak tahsinga loyiq. Bu sa’y-harakatlar diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, radikalizm va mutaassiblikka qarshi ma’rifat bilan kurashishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Forum davomida bildirilgan fikrlar va ilgari surilgan tashabbuslar kelgusida Misr va O‘zbekiston o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy hamda ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonaman. O‘zbekistonning mehmondo‘stligi, yuksak tashkiliy saviyasi va ilm ahliga bo‘lgan yuksak ehtiromi har qanday ishtirokchida unutilmas taassurot qoldiradi.

Mehmet Emin O‘zafshar, Anqara Universiteti Ilohiyot fakulteti, Hadis kafedrasi mudiri:
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston tarixida Uchinchi Renessansni boshlab berdi, deb o‘ylayman. Hozir biz turgan Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekiston va butun turkiy dunyo tarixini o‘zida namoyon etadi.
Davlat rahbari O‘zbekistonni zamonaviy dunyoda barcha havas qiladigan yetakchi markazlardan biriga aylantirish uchun ko‘p qirrali islohotlarni amalga oshirmoqda. Bir tomondan ta’lim sohasida keng ko‘lamli safarbarlik olib borilmoqda, ikkinchi tomondan infratuzilma loyihalari davom ettirilmoqda, yana bir jihati esa xalqaro aloqalarga katta ahamiyat berilmoqda.
Ayniqsa, O‘zbekistondagi ilmiy-tadqiqot markazlari o‘zbek madaniyati, o‘zbek tarixi hamda ushbu zaminning tarixiy ahamiyati naqadar ulug‘ ekanini yaqqol ko‘rsatib bermoqda.

Ahmad Abduh Tarabek (Misr), O‘zbekiston madaniyati va tarixi bo‘yicha olim, yozuvchi, “Misrdagi o‘zbeklar tarixi”, “Shavkat Mirziyoyev – Yangi O‘zbekiston bunyodkori” kitoblari muallifi:
– “Shavkat Mirziyoyev – Yangi O‘zbekiston bunyodkori” kitobida O‘zbekistondagi sivilizatsiyaning tarixiy bosqichlari nafaqat din va Islom madaniyati, balki aniq fanlar hamda Islomgacha bo‘lgan davrlar misolida ham keng yoritilgan. Bugungi kunda mazkur yirik nufuzli forumda ushbu masalalarning ilmiy jihatlari ochib berilishi bilan bir qatorda, ularning amaliy ifodasini markaz tarkibidagi muzeyda ham ko‘rishimiz mumkin.
Bu yerda nafaqat Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk zotlarning Islom merosiga qo‘shgan hissalari, balki Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy hamda Ibn Sino kabi mutafakkirlarning tibbiyot va geodeziya sohalaridagi ulkan yutuqlari ham alohida namoyish etilgan.
O‘zbekistonning Islom madaniyatiga qo‘shayotgan bu kabi ulkan hissasi barchamizga cheksiz mamnuniyat bag‘ishlaydi. Bu esa nafaqat arab va musulmon mamlakatlarida, balki boshqa musulmon bo‘lmagan yurtlarda ham bugungi O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishni yanada orttirmoqda.

Shayx Saloh Abulhoj, Iordaniya xalqaro islom fanlari universiteti dekani:
– Ushbu anjuman biz uchun juda katta ehtirom bo‘lib, dunyo miqyosidagi islom ulamolarining yirik yig‘ilishidir. Mazkur tadbir nafaqat din doirasida, balki madaniyatlararo o‘zaro tutashuv markaziga aylandi.
Bu yerdagi ulamolarning hamda dunyodagi barcha musulmon mamlakatlari vakillarining yig‘ilishi aynan O‘zbekiston rahbariyati, muhtaram Prezidentning tashabbuslari samarasidir. Zero, mazkur tashabbus zamirida O‘zbekistondagi yana bir bor uyg‘onish, ya’ni Uchinchi Renessans g‘oyasi yotgani barchamizni juda quvontirdi.
Albatta, forumda ulamolarning jam bo‘lishi Islom madaniyatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Butun dunyoga Markaziy Osiyo ulamolarining bu yerda shakllangan sivilizatsiyasini yana bir bor tarannum etadi.
O‘zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi.