O‘zbekistonlik yosh olim munosib taqdirlandi
Moskvada 2023 yilning 11–13 dekabr kunlari “Husayn Fayzxonov o‘qishlari” XIX xalqaro musulmon forumi bo‘lib o‘tdi.
Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy idorasi hamda Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti tomonidan tashkil etilgan anjumanda Misr, Qatar, Italiya, Iroq, Eron, Malayziya, Ozarbayjon, Mavritaniya, Afg‘oniston, Jazoir, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Falastin, Suriya, Tunis, Turkiya, Quvayt, Birlashgan Arab Amirligi hamda O‘zbekistondan vakillar qatnashdi.

“Diniy rahbarlarning ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni himoya qilish, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashdagi o‘rni” mavzusida o‘tkazilgan forumda 38 ta mamlakatdan 90 dan ziyod muftiylar, islom ulamolari, davlat va din arboblari, sharqshunoslar, siyosatshunos olimlar, elchi va diplomatlar ishtirok etdi. Tadbirda faxriy mehmon sifatida qatnashgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, sharqshunos-manbashunos, islomshunos Komiljon Rahimovni Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy idorasi raisi, Rossiya muftiylar kengashi raisi, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Diniy birlashmalar bilan aloqalar Kengashi a’zosi, falsafa fanlari nomzodi, muftiy Shayx Ravil Gaynutdin qabul qildi.

Samimiy suhbat so‘ngida Komiljon Rahimovga Husayn Fayzxonov tavalludining 200 yilligi munosabati bilan birinchi marta ta’sis etilgan yubiley medalini topshirildi. Aytib o‘tish joizki, bu Komiljon Rahimovga Rossiya musulmonlar jamoatchiligi tomonidan taqdim etilayotgan birinchi mukofot emas. Bundan oldinroq, o‘zbekistonlik olim butun postsovet makonida diniy-axloqiy qadriyatlarni izchil o‘rnatishdagi munosib hissasi, diniy-axloqiy uyg‘onishni rivojlantirishdagi roli, Rossiya va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi tinchlik, do‘stlik va o‘zaro tushunishni mustahkamlashdagi salmoqli hissasi va boshqa xizmatlari uchun “Vera i chest” hamda Shimoliy Kavkaz musulmonlari muvofiqlashtirish markazi (SHKMMM) raisi, Muftiy shayx Ismoil Berdiyevning farmoniga asosan “Za utverjdeniye duxovnыx sennostey” (“Ma’naviy qadriyatlarni o‘rnatishdagi xizmatlari uchun”) ordenlari bilan taqdirlangan. Shuningdek, bir qator “Faxriy yorliq”lar ham olgan.
Ma’lumot uchun, "Faizxanovskiye chteniya" (“Fayzxonov o‘qishlari”) – Rossiyada o‘tkaziladigan ilmiy islomshunoslik va sharqshunoslikka bag‘ishlangan an’anaviy xalqaro konferensiya hisoblanadi. Mazkur tadbirda islomshunoslik, sharqshunoslik, manbashunoslik, tarix, filologiya, falsafa, arxeologiya va arxeografiya muammolari muhokama etiladi. Navbatdagi anjuman sharqshunos-manbashunos, tatar jadid ma’rifatparvar olimi Husayn Fayzxonov (1823–1866) ning 200 yilligiga bag‘ishlandi.
O‘zA