O‘zbekistonlik talaba dunyo olimlari orasida tengsiz!
O‘zbekistonlik Deniz Akin Buyuk Britaniya ekologik mutagenlari jamiyati – UKEMS tomonidan tashkil etilgan an’anaviy taqdimot namoyishida eng yaxshi loyiha muallifi sifatida e’tirof etildi. Buyuk Britaniyadagi ekologik mutagenlar jamiyati (UKEMS)ning har yili o‘tkaziladigan an’anaviy konferensiyasi bu gal Xarrogeyt shahrida tashkil etildi.
Yevropa ekologik mutagenlar jamiyati (EEMGS)ning Britaniyadagi bo‘limi - UKEMS 1977 yil tashkil etilgan bo‘lib, DNKning zararlanishi va atrof-muhit, ya’ni kimyoviy moddalar yoki radiatsiya ta’sirida hosil bo‘ladigan mutatsiya masalalari bilan shug‘ullanuvchi olimlarga xizmat ko‘rsatuvchi jamiyat hisoblanadi.
Mutagen iborasi irsiy o‘zgarishga, ya’ni mutatsiyaga olib keladigan kimyoviy va fizik omillarni anglatadi.
Mazkur sohadagi faoliyat mutagenez mexanizmi va ushbu hodisa oqibatining akademik tahlili, shuningdek bu boradagi bilimlardan farmatsevtika, sanoat va qishloq xo‘jaligida qo‘llaniladigan yangi kimyoviy moddalarni genotoksik ta’sirga nisbatan testdan o‘tkazish jarayonida foydalanish kabi jarayonlarni o‘z ichiga oladi.
Har yili muntazam ravishda o‘tkaziladigan, uch kun davom etgan ushbu nufuzli xalqaro anjumanda, doimgidek, dunyoning turli qit’alaridan yetuk, kuchli mutaxassislar o‘z taqdimotlari bilan qatnashdi. Ahamiyatlisi, diyorimizda o‘sib-ulg‘aygan qiz Deniz Akin yirik tadbirda jam bo‘lgan ilm-fan arboblari, aynan shu sohaga ixtisoslashgan tajribali olimlar, muayyan ilmiy darajaga ega insonlar orasida yagona talaba-ishtirokchi edi.
Akin boshlang‘ich ta’limni Toshkentdagi Ulug‘bek nomli xalqaro maktabda olgan. 6-sinfgacha shu ta’lim dargohida o‘qigach, tahsilni Mirobod tumanidagi xalqaro maktabda davom ettirdi. 12 yillik umumiy ta’limdan so‘ng oliy o‘quv yurtiga kirdi.
Yoshligidan, maktabda o‘qib yurgan kezlaridanoq biomeditsinaga oid fanlarga, ayniqsa, genetika yo‘nalishiga qiziqqan Deniz 2019 yil Buyuk Britaniyaning “Brunel University London” oliy ta’lim dargohi qoshidagi xalqaro kollejga, keyin esa universitetning o‘ziga qabul qilindi. Bakteriyalar identifikatsiyasi, biomeditsina testi, DNK ajralib chiqishi, gel-elektrofarez singari sohaning muhim va asosiy yo‘nalishlarini qunt bilan o‘rgandi. O‘z nazariy bilimini laboratoriya mashg‘ulotlari orqali charxlab, amaliyot bilan uyg‘unlashtirib bordi.
2020 yil koronavirus pandemiyasi avjiga chiqqan pallada Deniz Akin O‘zbekistonga qaytib, oliy ta’limni onlayn shaklda davom ettirdi. Shu bilan bir vaqtda “Nobel Pharmaceuticals” O‘zbekiston-Turkiya korxonasida ishlab, o‘zi tanlagan yo‘nalish bo‘yicha tajriba orttirdi. Shuningdek, Turkiyaning Anqara shahrida joylashgan “Myogen” genetik kasalliklar va diagnostika markazidagi hamda faoliyati O‘zbekistonda ekologik barqarorlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan “Hashar Week” kompaniyasidagi qisqa muddatli ish staji ham talabaning iste’dodli mutaxassis bo‘lib shakllanishiga xizmat qildi.

Nihoyat Denizning safdoshlari uch yillik tinimsiz mehnat, izlanish natijasi o‘laroq yuzaga kelgan referatni UKEMS jamiyatiga topshirishni maslahat berishdi. Kutilmaganda yosh, tirishqoq qizning ishi nafaqat o‘ta kuchli tanlov orqali saralangan taqdimot loyihalari ro‘yxatiga kiritildi, balki 44-UKEMS uchrashuvining eng yaxshi umumiy taqdimoti uchun beriladigan maxsus sertifikatga munosib ko‘rildi.
Ta’kidlash joiz, Deniz birinchi marta mana shunday yirik, nufuzli tadbirda ishtirok etdi. Ilk bor xalqaro konferensiyada o‘z tajribasini, loyihaviy taqdimotini namoyish qildi. Yutug‘i shunda ediki, talaba qiz nafaqat aspirantlar, balki ushbu sohada ko‘p yillardan buyon faoliyat yuritayotgan olimlar, professorlar, ekspertlar bilan muloqotga kirishish imkoniga ega bo‘ldi. Boshqacha aytganda, anjuman qatnashchilari orasida ilmiy darajasi bo‘lmagan yagona ishtirokchi aynan Akin edi.
Ushbu nufuzli anjuman g‘oliblari qatoridan o‘rin olish naqadar qiyin kechganini Deniz Akinning quyidagi birgina e’tirofi isbotlaydi:
– To‘g‘risi, men – turli davlatlardan kelgan mashhur, nomdor kishilar, sohada dong‘i chiqqan olimlar orasidagi yagona talaba qiz, namoyishga qo‘yilgan loyihalarning zabardast mualliflari qarshisida, avvaliga, juda dovdirab qoldim va hammasidan voz kechib, chiqishimni bekor qilmoqchi ham bo‘ldim. Taqdimot boshlanishiga atigi 1 soat qolgan edi. Shunda nogahon ortga yo‘l yo‘qligini tushundim. Zero, chekinish men uchun shunchaki bir anjumanda qatnashishdan voz kechish emas, balki kelajak faoliyatimga berilishi ehtimol kuchli zarba bo‘lishini anglab yetdim. Qolaversa, ortimda meni har qadamda qo‘llab-quvvatlab turgan jamoam, necha-necha ustozlarim turgan edi. Ularni uyaltirib qo‘yish emas, faxrlantirish burchim ekanligini his etdim.
Xullas, irodali Deniz Akin bir yarim soatdan ko‘proq vaqt davomida yer yuzining o‘nlab yetuk mutaxassislari oldida o‘zini yo‘qotmay, mag‘rur holda boshini baland tutib, ishonch bilan yillar mobaynida to‘plagan bilimi, ko‘nikmasi jamlangan dasturini namoyish etdi.
Taqdimot tugadi. Deniz yengil tin oldi va xayolidan kechirdi: “Xayriyat, hammasi ortda qoldi. Qo‘limdan keldi-ku! Bu - mening bugungi kungacha erishgan yutuqlarim orasida eng zo‘ri!”
Aslida, asosiy yutuq, aniqrog‘i g‘alaba hali oldinda edi. Tadbirning oxirgi kuni, yakuniy kechki ziyofat chog‘ida O‘zbekistondan borgan yosh talaba-olim Deniz Akinning chiqishi, muallifning o‘zi ham mutlaqo kutmagan holda, hakamlar hay’ati tomonidan “Eng yaxshi taqdimot”, deya tan olindi. Shu tariqa yurtdoshimiz loyiha tarixidagi eng yosh g‘olib sifatida e’tirof etildi.
Ayni payt Akin genetik toksikologiya va foto xavfsizlik bo‘limida ishlaydi. Genetik toksikologiya sohasi muayyan kimyoviy modda mutatsiya hodisasini yoki xromosoma shikastlanishini keltirib chiqaradimi yoki yo‘qmi, degan savolga javob izlaydi.
Talabaning bu galgi tadqiqoti oddiy farmatsevtik preparatlar tarkibidagi aralashmalar tahliliga bag‘ishlandi. Hozirgi vaqtda bu mavzu ilmiy jamoatchilik orasida juda ommaviy va dolzarb sanaladi. Aralashmalarning mutatsiya hosil qilish ehtimoliy darajasini aniqlash uchun u «in vivo Pig-A», «Micronucleus» va sichqon limfomasi - «in vitro» testlaridan foydalandi.
Londondagi Brunel universitetida "Biotibbiyot fanlari, genetika" mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olayotgan Deniz hozir oxirgi, uchinchi bosqich talabasi hisoblanadi. Mazkur oliy o‘quv dargohini tugatgach, u saraton genetikasi bo‘yicha ixtisoslikka ega bo‘lish maqsadida falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun harakat boshlamoqchi.
– Meni balog‘atga yetkazgan O‘zbekiston zaminidan minnatdorman, – deya quvonchini baham ko‘radi Deniz. – Toshkent ruhiyatimda bag‘rikenglik, atrofdagilarga hurmat, sadoqat singari ko‘plab xislatlar shakllanishiga zamin yaratgan. Aynan shu jihatlar xususiyatimda ustuvor. Bu madaniyat qachon, qayerda bo‘lmay, men bilan. Zero, aynan yuksak insoniy fazilatlargina insonga, jumladan, menga ham ulug‘ maqsadlarimga erishishda qanot bo‘lg‘usi.
G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA