O‘zbekistonlik shifokor samolyotda bemor hayotini saqlab qoldi
Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik shifokor Toshkentdan Seulga uchayotgan samolyot bortida og‘ir shok holatiga tushib qolgan ayolning hayotini saqlab qolgani haqidagi xabarlar keng tarqaldi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ushbu voqea qahramoni — Samarqand shahridagi xususiy klinika rahbari, Toshkent davlat tibbiyot universiteti izlanuvchisi va ayni paytda Koreya Respublikasidagi Chungbuk universitetiga malaka oshirish uchun borgan tajribali otorinolaringolog Hasan Komilov bilan bog‘landi.
Ma’lum bo‘lishicha, parvoz chog‘ida yo‘lovchi ayolning ahvoli to‘satdan og‘irlashgan. Shunda ekipaj zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifokor chaqirgan. Hamyurtimiz darhol bemorga yordamga oshiqqan. Ayol og‘ir shok holatida bo‘lib, tanasi sovigan va ko‘karish belgilari kuzatilgan.
Hasan Komilov o‘zi bilan olib yuradigan shoshilinch tibbiy yordam vositalari, shuningdek, «O‘zbekiston havo yo‘llari» ekipaji taqdim etgan kislorod niqobi va tibbiy jihozlar yordamida bemorga zarur yordam ko‘rsatgan. Natijada ayolning hayoti saqlab qolingan.
– Bu, qahramonlik emas, balki shifokorlik burchimiz va har kungi mashaqqatli mehnatimizning bir qismi, – deydi shifokor.
M.Qosimova,
O‘zA