O‘zbekistonlik regbichi qizlarning O‘mondagi g‘alabasi
O‘mon Sultonligidagi elchixonamiz xabar berishicha, 25-26 oktyabr kunlari ushbu davlatda birinchi marta o‘tkazilgan “Asia Rugby Emirates Women's Sevens Trophy 2025” musobaqasida Osiyoning 15 jamoasi ishtirok etdi.
Turnirda O‘zbekiston ayollar terma jamoasi “A” guruhidan joy olib, dastlab Livan ustidan 39-0 hisobida ustun keldi. Afsuski, ikkinchi o‘yin eronliklarga boy berildi. Shunga qaramay, qizlarimiz ruhan cho‘kmasdan, ikkinchi kuni avvaliga Iordaniya regbichilarini yanada yirik, 46-0, keyin Janubiy Koreya termasini 38-0 hisobi bilan yengib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdilar. Hal qiluvchi bahsda jamoamizni turnir g‘olibligiga asosiy da’vogar hisoblangan Eron jamoasi kutib turardi.


Bu gal vakilalarimiz birinchi to‘qnashuvdagi mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda, katta ishtiyoq bilan maydonga tushdi. Natijada O‘zbekiston juda kuchli raqibni 17-7 hisobida mag‘lub etib, tarixda birinchi marta ushbu musobaqaning bosh sovrinini qo‘lga kiritdi.
M.Pirmatova, O‘zA