O‘zbekistonga jahonning e’tibori tobora ortmoqda
24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tajak O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatib borish uchun bir guruh xalqaro ekspertlar, olimlar, yirik siyosatshunoslar yurtimizda bo‘lib turibdi.
Avstriyaning "Mueller & Schindler" nashriyoti marketing va noshirlik ishini rivojlantirish bo‘yicha vitse-prezidenti Aleksandr Vilgelm ulardan biri.
O‘zA muxbiri Aleksandr Vilgelmning ilk taassurotlari bilan qiziqdi.
- O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan saylovda kuzatuvchi sifatida ishtirok etish men uchun katta sharaf, - dedi Aleksandr Vilgelm.
- Saylovga tayyorgarlikdek mas’uliyatli jarayonni qiziqish va e’tibor bilan kuzatyapman. Bu siyosiy voqelik jahon hamjamiyatining ham katta e’tiborini jalb etmoqda. Bundan bir necha yillar avval O‘zbekistonga kelganman. Shundan buyon bu azim diyorga kelish ishtiyoqi menda tobora kuchli bo‘lib bormoqda.
Aytish kerakki, O‘zbekiston ulkan tarixiy, madaniy, ilmiy-ma’rifiy merosga ega bo‘lgan yurt. Biz hozirda jahonda O‘zbekistonga bo‘lgan e’tibor tobora ortib borayotganining guvohi bo‘lyapmiz. Har bir xorijlik bu yurtning madaniy-ilmiy boyliklarini katta qiziqish bilan o‘rganadi. O‘zbekiston o‘zining mehmondo‘stligi bilan jahonda nom qozongan.
Yaqinda bir kitob ustida ish olib bordik. Aslida, O‘zbekiston madaniy merosi, barcha jabhalardagi islohotlari haqidagi mazkur kitob ustida Ispaniya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Avstriya olimlari birgalikda ish olib borishgan. Bu kitob xorijliklarning O‘zbekistonga bo‘lgan nigohini o‘zida aks ettiradi.
Bu yerga kitobning dastlabki variantini olib keldim. Shu yerdagi odamlar bilan suhbatlashib, ularning fikrini to‘laqonli o‘rganib, kitobni yanada mukammal holatga keltirmoqchimiz.
Fursatdan foydalanib o‘zbekistonliklarni muhim siyosiy jarayonda faol ishtirok etishga undamoqchi edim. Negaki, mamlakatning kelajagi, taqdiri xalq o‘zi uchun maqbul deb topgan nomzodga bog‘liq.
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova yozib oldi.