O‘zbekistonda yoshlar va ta’limga yangicha e’tibor
Bir tomchi suvda quyosh aks etadi, deganlaridek, inson umri shundayki, uning har lahzasida juda katta ma’no mujassam bo‘ladi. Shunday kunlar bo‘ladiki, ular mohiyatiga ko‘ra, oylar yillarga tenglashadi, millatning, jamiyatning, butun bir mamlakatning, shu mamlakatda yashagan necha-necha avlodlarning taqdirini, baxtli hayot yo‘lini belgilab beradi.
1991 yilning 31 avgusti tariximiz solnomasida xuddi shunday mo‘’tabar kun sifatida muhrlanib qoldi. Bunga aslo shak-shubha yo‘q. Shu kuni qabul qilingan tarixiy qarorga binoan, 1 sentyabr mamlakatimizda Mustaqillik kuni, umumxalq bayrami deb e’lon qilindi. Xalqimizning asriy orzularini ro‘yobga chiqarish, har bir fuqaroga o‘z orzu-umidlariga mos ravishda hayot kechirish uchun tegishli shart-sharoitlarni yaratib berish, yangi mustaqil Vatanni butun choralar bilan mustahkamlash, uni turli xurujlardan himoya qilish istiqlolimizning bosh g‘oyasi, asosiy maqsadi deb belgilandi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek «Xalqimiz qalbidagi hurriyat sari ezgu intilishni hech qanday bosqin, zulm va zo‘ravonliklar yo‘qota olmadi. Bunga ko‘hna tariximizning o‘zi guvoh».
Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatiga xos bo‘lgan demokratik siyosiy tizimning o‘ziga xos xususiyatlari va rivojlantirish masalalari, uning demokratik tamoyillari mustaqilligimizning ilk davridayoq nazariy va konseptual jihatlardan har tomonlama asoslab berilganini alohida ta’kidlash lozim. Uning «Demokratiya – bu, qanchalik og‘ir va murakkab bo‘lmasin, bizning yo‘limizdir», «Millatimiz ravnaqiga faqatgina fuqarolik jamiyati sharoitidagina erishamiz» degan qat’iy pozitsiyalari va chaqiriqlari, «Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari», «Yangi uyni qurmasdan turib, eskisini buzmang», «Islohotlar islohot uchun emas, avvalo inson uchun» kabi tamoyillar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalarini, asosiy yo‘nalishlarini aniqlab berdi.
Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi, yuksak bosqichga ko‘tarish, islohotlarni amalga oshirish ob’ektiv zarurat va eng muhim strategik vazifa sifatida belgilandi. Yangilanishlar, eng avvalo, tafakkurdan boshlanadi. Xalq dunyoqarashi o‘zgarishi — islohotlarning ibtidosidir. Ongu tafakkuri, ruhi uyg‘oq odamlardan esa chinakam fidoyilik, tashabbuskorlik va yaratuvchanlikni kutish mumkin. Prezident Shavkat Mirziyoyev ma’naviy uyg‘oq jamiyatni qudratli kuchga qiyos etadi. Bugun odamlar uyg‘onmoqda, jamiyat uyg‘onmoqda, islohotlarning yangi davri boshlanishini his qilmoqda va o‘z xayrixohligini ko‘rsatmoqda.
Yangilanish – hayotning o‘zgarishi, unga bo‘lgan munosabatning yangilanishi, rivojlanishi va boyib borishi jarayonini ifodalaydi. Kishilar hayotida, umuman jamiyatda yuz berayotgan voqea-hodisalar shaxs ongi va ma’naviyatida muayyan o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi. Ma’naviy uyg‘oqlik voqelikdagi o‘zgarishlarning kelib chiqishi va sodir bo‘lishiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Yangilanish hayotimizning tub mohiyati bilan bog‘liq hodisa. Agar ma’naviyat yangilanib, boyib turmasa, juda tez orada eskirib, taraqqiyotga yordam berish u yoqda tursin, unga xalaqit beradigan, to‘siq bo‘ladigan hodisaga aylanib qolar edi. Jamiyat taraqqiyotidagi burilish, tub islohotlar davrida ma’naviyatda ham jiddiy o‘zgarishlar yuz beradi va ayni paytda ma’naviyatning jamiyatda yuz berayotgan jarayonlarga ta’siri kuchayadi. Bunday pallalarda ma’naviy yangilanish sur’atlari ham tezlashadi. Masalan, O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritgandan keyin unutilib ketayozgan milliy ma’naviy qadriyatlarni tiklash, ularni yoshlar, aholi ongiga singdirishga katta e’tibor berila boshlandi. Yangilanishga katta e’tibor berilishi xalqning ongi, turmush tarzi, jamiyatdagi voqea-hodisalarga munosabatining o‘zgarishiga kuchli ta’sir o‘tkazdi. Ma’naviyatni yangilash sohasida olib borilgan va borilayotgan har tomonlama chuqur o‘ylangan siyosat mamlakatda ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni ta’minlashning muhim omillaridan biri bo‘ldi.
Taraqqiyotning yangi bosqichi har bir sohadagi islohotlarni amalga oshirish ob’ektiv zarurat va eng muhim strategik vazifalar amalga oshirishni taqozo qildi. Davlat va jamiyat taraqqiyotining har bir sohasida islohotlarni amalga oshirish uchun Harakatlar strategiyasi qabul qilindi.
So‘nggi besh yilda kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha mamlakatimizda ulkan ishlar amalga oshirildi. Prezidentimiz tomonidan xalq ta’limi tizimiga oid 6 ta farmon va qaror, Vazirlar Mahkamasining 21 ta qarori qabul qilinib, bu sohadagi islohotlarning huquqiy-me’yoriy asoslari mustahkamlandi. Ota-onalar, jamoatchilikning istaklari inobatga olinib, yurtimizda 11 yillik maktab ta’limi tizimi tiklandi. So‘nggi uch yilda yurtimizda 157 ta umumta’lim maktabi yangidan qurildi.
Ulug‘ allomalarimiz – Mirzo Ulug‘bek va Muhammad Xorazmiy nomidagi iqtidorli bolalar maktablari, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupov, Is’hoqxon Ibrat, Muhammad Yusuf, Halima Xudoyberdiyeva nomlari bilan atalgan ijod maktablari, «Temurbeklar maktabi», Prezident maktablari, xususiy maktablar singari yangi va zamonaviy namunadagi ta’lim dargohlari tashkil etilgani yurtimiz farzandlari uchun ta’lim-tarbiya olish borasida yangi imkoniyatlar ochib bermoqda.
Pedagog xodimlar mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha katta ishlar qilinmoqda. Oxirgi 3 yilda o‘qituvchilarning ish haqi o‘rtacha 2,5 barobar oshirildi. Uzoq tumanlarga borib ishlayotgan pedagog kadrlar mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha aniq mezonlar belgilandi. Ularga 50 foizgacha qo‘shimcha oylik ustamalar to‘lanmoqda. Bu olis hududlarda yetishmayotgan mingdan ziyod o‘qituvchini jalb etish imkonini berdi.
Xalq ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish, muammolarni kompleks hal etish masalalari chuqur tahlil qilinib, kelgusidagi vazifalar muhokama etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 29 apreldagi farmoniga muvofiq, Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Unda 48 ta maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha aniq mexanizmlar belgilandi. Masalan, 2030 yilga borib o‘quvchilar bilimini baholash bo‘yicha PISA xalqaro dasturi reytingida O‘zbekistonning jahondagi yetakchi 30 ta mamlakat qatoridan joy egallashi maqsad qilib qo‘yilgan. Davlatimiz rahbari o‘qituvchining maqomi va nufuzini oshirish, huquqlari va imtiyozlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Ayniqsa so‘nggi yillarda oliy ta’limga katta e’tibor qaratildi. Oliy ta’lim muassasalari 141 taga yetkazilgani, shundan 26 ta xorijiy ta’lim muassasasining filiallari ochilgani, «Yangi O‘zbekiston universiteti» tashkil qilinganini barchamiz faxr bilan tilga olamiz. Bundan 4 yil oldin yurtimizda oliy ta’lim muassasalari soni 77 ta edi. To‘rt - besh yil oldin maktab bitiruvchilarining bor yug‘i 9 % gina oliy ma’lumotga ega bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lgan bo‘lsa bugun esa bu raqam 28 % ga yetdi. Yoshlarimizga oliy ta’lim olish uchun imkoniyatlar esa ikki barobarga kengaydi. Kelgusi yilda oliy ta’lim olish imkoniyatini 50 % ga yetkazish imkoniyati qo‘yilgan.
Professor-o‘qituvchilarning xorijdagi oliy ta’lim hamda ilmiy tadqiqot markazlarida malaka oshirish va stajirovka o‘tashini ta’minlaydigan yangi mexanizm yaratildi. Joriy yildan boshlab 10 ta oliy ta’lim muassasasi o‘zini-o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazildi.
So‘nggi yillarda respublikamizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida ham izchil amalga oshirib kelinmoqda. Joriy yildan boshlab institutimizda 7 ta fakultet faoliyat ko‘rsatmoqda. Belorus respublikasining Belorussiya milliy texnika universiteti bilan 4 ta ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ta’limning kunduzgi 2+2 shaklida qo‘shma dasturini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik bitimi va shartnomalar imzolangan. Institutda startap ekotizimni rivojlantirish, institutni xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, respublika iqtisodiyoti sohasida yetuk kadrlarni tayyorlaydigan, chuqur ilmiy-amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshiradigan, ilmiy - innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtiradigan oliy o‘quv yurtiga aylantirish maqsadida “IT- park» inkubatsiya markazi tashkil etilgan.
Sirtqi ta’lim shaklida ham kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib ta’lim yo‘nalishlar soni 16 tadan 19 taga oshirildi. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, bugungi O‘zbekiston – bu hali tom ma’nodagi, biz orzu qilayotgan, intilayotgan Yangi O‘zbekiston emas. Hali bu marraga yetish uchun oldimizda juda olis va mashaqqatli yo‘l turibdi. Yo‘limiz shu paytgacha oson bo‘lgani yo‘q, bundan keyin ham oson bo‘lmaydi. Lekin biz dadil oldinga borishdan, kerak bo‘lsa, kutilmagan, ammo pirovard natijasi samarali va xalqimiz manfaatlariga javob beradigan noan’anaviy qarorlar qabul qilishdan cho‘chimasligimiz zarur.
Uchinchi Renessans bizdan xalqaro hamjamiyatga ilm-fan, texnologiyalar, axborot, madaniyat va iqtisodiyot sohalarida yanada chuqurroq integratsiya bo‘lishini talab etadi. Ammo o‘zligimizni, tilimizni, milliy xususiyatlarimizni, ma’naviyatimizni saqlab qolishimiz shart. Bu esa ta’lim-tarbiya tizimiga jiddiy e’tibor qaratishni bildiradi.
Uchinchi Renessans g‘oyasining oraliq bosqich vazifalari aniqlanishi kerak. Masalan, 2030 yilda, 2040 — 2050 yillarda biz aholi jon boshiga taxminan qancha yalpi ichki mahsulot ishlab chiqaramiz, jahon reytingida taxminan qanday o‘rinlarga ko‘tarilamiz. Ta’lim, madaniyat, ilm-fan sohalarida qanday ko‘rsatkichlarni, marralarni zabt etamiz. Ular bo‘yicha mo‘ljallar belgilanishi lozim. Shunda mazkur g‘oyaning safarbarlik ta’siri konkret va kuchli bo‘ladi. Ammo mo‘ljallar havoyi bo‘lmasligi, konkret raqamlardan tashkil topmasligi kerak. Yangi AKT, nanotexnologiyalar, biotexnologiyalar, sun’iy intellekt yaratish va shu kabi yo‘nalishlardagi vazifalar ham e’tibordan chetda qolmasligi zarur.
O‘zbekistonimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgan va bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirib borilmoqda. Xususan, bugungacha parlament tomonidan yoshlarga oid 40 dan ziyod qonun hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, 30 dan ortiq xalqaro huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilingan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ayni davrda insoniyat tarixidagi eng ko‘p yoshlar qatlami bilan yashayotganimizni inobatga olgan holda BMT minbarida Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi BMT konvensiyasini qabul qilish taklifi ilgari surilgani ham xalqaro hamjamiyat tomonidan iliq qarshilandi. O‘zbekiston rahbari bunga asos qilib, bugun dunyo miqyosida yoshlarning soni ikki milliarddan ortib ketgani, xalqaro terrorizm va esktremizm shiddat bilan o‘sib borayotgan bir paytda yoshlarga himoya zarurligini muhim omillar sifatida asoslab berdi.
Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida birinchi imzolagan qonun hujjati – 2016 yil 14 sentyabrdagi «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi Qonun ekanida ham ramziy mazmun-mohiyat mujassam. Binobarin, aholisining yarmidan ko‘prog‘i yoshlardan iborat bo‘lgan mamlakatda yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish, yosh avlodni har tomonlama yetuk va barkamol, intellektual salohiyatli, o‘z qat’iy pozitsiyasiga ega, yurtda amalga oshirilayotgan islohotlarga befarq bo‘lmagan, yurtning ertangi munosib kelajagi uchun daxldorlikka tayyor, maqsadga intiluvchan, serg‘ayrat, vatanparvar, sadoqatli, komil shaxslar sifatida tarbiyalash O‘zbekistonni dunyoning eng rivojlangan davlatlari safidan o‘rin olishining muhim omili ekanini mamlakat rahbari va hukumat yaxshi anglaydi.
O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2018 yil 27 iyunda imzolangan «Yoshlar – kelajagimiz» Davlat dasturi to‘g‘risida»gi Farmon bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim hujjat bo‘ldi. Farmon bilan «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi tashkil etildi va ushbu jamg‘arma yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari orqali yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kredit va mol-mulkni lizingga berishi belgilab qo‘yildi. Ushbu hujjatga e’tibor qaratilsa, yoshlar tadbirkorligi va tashabbuskorligini kompleks rivojlantirish vazifalari aniq va tizimli belgilanganini ko‘rish mumkin.
Yangi O‘zbekistonda ta’lim va yoshlarga oid davlat siyosati aniq maqsadlarni ko‘zlagan holda, bosqichma bosqich, izchil amalga oshirib borilmoqda.
Orifjon Bozorov,
Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti rektori
O‘zA