O‘zbekistonda turizm iqtisodiyotning yetakchi sohalaridan biriga aylanmoqda
Jahon turizm bozorida keskin raqobat kuchayishi natijasida barcha davlatlar turizm sohasida o‘z mavqeini kuchaytirib borishga harakat qilmoqda. Bugungi kunda jahonda 200 millionga yaqin kishi turizm sohasida faoliyat olib borib, sohadan tushayotgan daromad 1 trillion AQSH dollarini tashkil qilmoqda. Turistlar soni har yili 4-5 foiz ko‘payib, boshqa davlatlarga safar qiluvchilar soni 1 milliarddan oshadi. Qolaversa, hozir jahonda yaratilayotgan har 10 ish o‘rnining bittasi aynan turizm sohasi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Turizm sohasida topilgan daromadning 30 foizi odamlarning qo‘liga ish haqi bo‘lib boradi, sanoatda va boshqa tarmoqlarda bu ko‘rsatkich 10 foizdan oshmaydi. Bundan ko‘rinib turibdiki, ushbu jarayonlarda barcha davlatlar o‘zi uchun qulay bo‘lgan turizm yo‘nalishini, ya’ni bozorda o‘z mavqeini egallashga, xizmatlar ko‘rsatishning har tomonlama qulay bo‘lgan yo‘nalishlarini tanlashga harakat qilmoqda.
O‘zbekistonda ham keyingi yillar mobaynida turizm sohasida juda keskin o‘zgarishlar kuzatilmoqda, ular ushbu sohaning rivojlanishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Jumladan, turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan yangi dasturlar, me’yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilmoqda, xalqaro va mahalliy darajada o‘tkazilayotgan tadbirlar, yangi ta’lim muassasalari faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi, yangi turizm mahsulotlari va yo‘nalishlarning yaratilishi, turizm infratuzilmasini takomillashtirishga oid sa’y-harakatlar, xorijiy investorlarni jalb qilish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq vakillarining tashrifi va boshqa bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar doimo davlatimiz rahbarining diqqat-e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 9 aprel kuni hududlarning turizm salohiyatini oshirish, xorijiy investitsiya loyihalarini jadallashtirish masalalari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Ushbu videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari “Aslida, yurtimiz tarixi, madaniyati va tabiatiga asoslanib, sayyohlarni yana 2-3 karra ko‘paytirish mumkin. Lekin ayrim hududlarda yo‘l va transport noqulayligi, ko‘ngilochar joylar va qiziqarli dasturlar yetishmasligi kabi kamchiliklar bor”, deb alohida ta’kidlab o‘tdi.
Davlat rahbari turizm sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan birga ayrim kamchiliklar borasida ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, hududlarda kapsulali uylardan iborat maskan faqat Kitobda ochilgani qayd etilib, qolgan 35 ta tuman va shahar hokimi “mudrab” o‘tirgani tanqid qilindi. Turizm qishloqlarini tashkil qilish bo‘yicha 3 yil oldin boshlangan ish yaxshi samara berayotgani e’tirof etildi. Lekin Toshkent viloyatida Koreya tajribasi asosida turizm qishlog‘i qilish tashabbusi qog‘ozda qolib ketgani, Qashqadaryo va Jizzaxda atigi 1 tadan turizm qishlog‘i ochilgani ko‘rsatib o‘tildi. Navoiy va Sirdaryoda hunarmandchilik, Jizzax va Farg‘onada gastronomik turizm markazlari mavjud emas.
Shu bois, yig‘ilishda joylardagi imkoniyatlarni yuzaga chiqarib, turizm yo‘nalishlarini ko‘paytirish, sayyohlarga sharoitlarni kengaytirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Mutasaddilarga 36 ta tuman va shaharni etno, gastronomik, tibbiy, ekstremal, madaniy-tarixiy, ziyorat, qishki va agroturizm asosida rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
Ushbu videoselektor yig‘ilishida aytilgan imkoniyatlarni ishga solib, joriy yilda xorijdan 15 million turist jalb qilish va eksportni 4 milliard dollarga yetkazish, 635 ta mehmonxona va mehmon uylarini ishga tushirish, 50 mingta yangi ish o‘rni yaratish, qo‘shimcha 375 ta turoperator faoliyatini yo‘lga qo‘yish, Andijon, Jizzax, Navoiy, Surxondaryo, Toshkent viloyatida 1 tadan, Qashqadaryoda 2 ta va Buxoroda 3 ta turizm qishlog‘ini tashkil qilish belgilandi.
Davlat rahbari tomonidan yuqorida berilgan topshiriqlar asnosida O‘zbekiston Respublikasida 2025 yilning birinchi yarim yilida turizm sohasida amalga oshirilgan ishlarini tahlil qiladigan bo‘lsak, quyidagi ishlar amalga oshirilganini kuzatishimiz mumkin.
Joriy yilning yarimida 6 mln. nafardan ortiq xorijiy sayyohlar tashrif buyurgan va turizm xizmatlari eksporti 2,4 mlrd. dollarni tashkil etgan. Bunda qo‘shni davlatlardan va MDH mamlakatlaridan tashrif buyurgan sayyohlar soni 2024 yilning mos davriga nisbatan 1,1 barobar, uzoq xorij davlatlaridan tashrif buyurganlar 1,3 barobarga oshgan. Shuningdek, davlatlar kesimida tahlil qilinganda Xitoydan o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,6 barobarga, Fransiya, AQSH, Ispaniya, Malayziya, Hindiston va Turkiyadan 1,2 barobarga, Germaniya va Italiyadan 1,1 barobarga ko‘p sayyohlar tashrif buyurgan.

“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida hududlar bo‘ylab aholining 12,3 million nafar tashriflari amalga oshirilgan. Ijtimoiy ko‘mak sifatida 8,3 ming nafarga yaqin imkoniyati cheklangan shaxslar va 2,7 million nafar yoshlar sayohatlari tashkil etilgan.
Turizm va unga yondash sohalar yo‘nalishida 11 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Hududlarda 60 ta yangi mehmonxona, 287 ta oilaviy mehmon uylari, 146 ta xostel va 24 ta boshqa joylashtirish vositalari, jami 517 ta yangi joylashtirish vositalari (12,8 ming o‘rin) tashkil etilgan. Bugungi kunda mehmonxona va joylashtirish vositalari soni 6 ming 448 taga yetib, o‘rinlar soni 170 mingtadan oshgan.
Turistlar uchun xizmat ko‘rsatuvchi 368 ta yangi turistik tashkilot va turagentlar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida ularning soni 4 ming 52 taga yetgan.
Respublika bo‘ylab 3 ming 415 ta gid-ekskursovodlar faoliyat olib bormoqda, joriy yilning yanvar-iyun oylari mobaynida 215 ta (Buxoroda 68 ta, Samarqandda 61 ta, Toshkentda 54 ta, Xorazmda 32 ta) gid-ekskursovodlar tayyorlangan.
Xorijiy davlatlarda (Ispaniya, Vengriya, Germaniya, Rossiya, Xitoy, BAA, AQSH va b.) bo‘lib o‘tgan 18 ta nufuzli turizm ko‘rgazma va yarmarkalarida O‘zbekistonning turizm salohiyati keng targ‘ib qilingan.
Mamlakatimizning turizm salohiyati “Xitoyda O‘zbekiston turizm yili” doirasida 20 tadan ortiq provinsiyalarda taqdimot qilingan.
Xorijiy 11 ta davlatda 21 ta “Road show”, madaniy tadbirlar va taqdimotlar tashkil etilib, 15 ta xorijiy yirik mediaplatformalarda mamlakatimizning sayyohlik salohiyatiga oid 50 ga yaqin kontentlar joylashtirilgan.
2025 yilning o‘tgan davrida Qashqadaryo viloyatida “Bashir” va “Qaynar”, Jizzax viloyatida “Uzunbuloq”, Farg‘ona viloyatida “M.Topvoldiyev”, Samarqand viloyatida “Oqsoy” va “Omonqo‘ton”, Surxondaryo viloyatida “Nilyu” turizm qishloqlari va turizm mahallalari tashkil etilib, ularning jami soni 26 taga yetkazildi.
Sohada raqamlashtirishni jadallashtirish maqsadida “Tourist map” interaktiv portali va mobil ilovasi ishlab chiqildi hamda sinov tariqasida Samarqand xalqaro aeroportida interaktiv uskunalar o‘rnatilgan holda ishga tushirildi.
Samarqandda “Xalqaro turizm akademiyasi” faoliyati yo‘lga qo‘yilib, unda malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimi faoliyat olib bormoqda.
Ushbu davrda mahalliy va xorijiy turistlarni jalb qilish maqsadida mamlakatimizda bir qator xalqaro va respublika miqyosidagi tadbirlar o‘tkazildi. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida “NavrUZ” etnofestivali, “Orol turizmi” haftaligi, “Mizdaqxan – muqaddas va sirli makon” (Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan hamkorlikda) nomli xalqaro festival, “Moʼynoq Ralli – 2025” ekstremal avto-moto poygalari, “Stixiya” xalqaro elektron musiqa festivallari, Bo‘stonliq tumanida II Xalqaro “Farhod Challenge – Strongmen Games” turniri hamda Xorazm viloyati Xiva shahrida V Xalqaro “Pahlavon Mahmud – Strongmen Games” bahodirlar o‘yini musobaqasi yuqori saviyada tashkil etildi.
Mamlakatimizda turizm uchun eng qulay vaqt hisoblangan mart-aprel oylarida barcha hududlarda “Ichki turizm yarmarkalari” o‘tkazildi.
Mamlakatimizni turizm salohiyati, turistlar uchun qulaylik, xavfsizlik va tashrif buyurishga arziydigan joylardan biri ekanligi xalqaro darajada e’tirof etib kelinmoqda. Jumladan, “BBC Travel” global media portali O‘zbekistonni 2025 yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi 25 ta yo‘nalish ro‘yxatiga kiritdi. Amerika Qo‘shma Shtatlarining yetakchi nashri “The New York Times” Buxoro shahrini 2025 yilda tashrif buyurishga arziydigan 52 ta eng yaxshi joy ro‘yxatiga kiritdi. “Time Out” jurnali Samarqanddagi Registon maydonini dunyodagi eng go‘zal 44 ta joy qatoriga kiritdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yilning 26 aprelidagi «Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga binoan, amaliyotda ilmiylikni oshirish, nazariya bilan integratsiyani yo‘lga qo‘yish maqsadida 11 ta oliy ta’lim muassasasi rahbarlari hamda hududlardagi 30 ta tuman hokimlari tomonidan turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga qaratilgan «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilib, ijroga qaratildi.
Xorijiy va mahalliy turistlar oqimini oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston uchun alohida “O‘zbekistonning shimoliy darvozasi – The Northern Gate of Uzbekistan” nomi ostida targ‘ibot strategiyasini amalga oshirish, xalqaro turistik platforma va yarmarkalarda hududning etno, eko, gastronomik turizm hamda hunarmandchiligi to‘liq targ‘ib qilinishi rejalashtirilgan.
Ellikqal’a tumani “Sharq Yulduzi” OFY hududida joylashgan “Aqchako‘l” turistik rekreatsion zonasini tashkil qilish ishlari olib borilmoqda. Ushbu turistik zona infratuzilmasini yaxshilash uchun 30 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan. Jumladan, 700 o‘rinli amfiteatr ishga tushdi, “Aqchako‘l” bo‘yida 1,5 km. plyaj zonasi yaratildi, 2 km piyodalar va velo yo‘lagi foydalanishga topshirildi, 9 km. ichimlik suv tarmog‘i tortildi, quyosh panellari o‘rnatildi, elektr energiya ta’minoti yaxshilandi. Hozirda ushbu hududda suzish havzalari, sport maydonlari, avtoturargoh, vertolyot qo‘nish maydoni, turistik zonaga olib boruvchi yo‘llarni ta’mirlash va boshqa infratuzilma ob’ektlari qurilish jarayonida.
Turizm salohiyati yuqori bo‘lgan Ellikqala va Taxtako‘pir tumanlarida barcha qulayliklarga ega turizm maskanlari master rejalari ishlab chiqilib, 2024-2027 yillar oralig‘ida har bir hududga 50 mln. dollar investitsiya mablag‘lari jalb qilinib, yirik turizm majmualari tashkil qilinmoqda.
Shuningdek, 2025-2027 yillarda 33 ta yangi joylashtirish vositalari tashkil qilinib, joylashtirish vositalari soni 143 taga, mehmonxona o‘rinlar soni 3.5 mingga yetkazilishi, respublikada faoliyat olib borayotgan turizm tashkilotlarining sonini 100 ta ga yetkazish rejalashtirilgan.
Shundan, 2025 yilda “Karakalpak palace hotel” MCHJ tomonidan qiymati 10 mln. dollar bo‘lgan 5 yulduzli mehmonxona tashkil qilish loyihasi ishga tushirilib, 50 ta ish o‘rni tashkil qilinishi rejalashtirilgan.
Mamlakatimizda turizm sohasida zamonaviy yo‘nalishlar va turlarni yo‘lga qo‘yish, xorijiy turistlar sonining ortishi, ichki va xalqaro turizmning rivojlanishi hamda turistlarning tashrif geografiyasi kengayishiga olib keladi.
Alisher Eshtayev,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti kafedra mudiri,
iqtisodiyot fanlari doktori (DsC), professor.