O‘zbekistonda tibbiy xizmatlar hajmi ortib bormoqda
O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida xizmat ko‘rsatish ko‘lamining kengayishi iqtisodiy o‘sishning muhim omillaridan biriga aylanmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi hisobotiga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki uch oyi davomida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasi vakillari tomonidan jami 5,4 trillion so‘mlik xizmatlar ko‘rsatildi.
Ushbu ko‘rsatkich mamlakatda tibbiy xizmatlarga bo‘lgan talabning ortib borayotganini ko‘rsatadi. Soha tarkibiy jihatdan tahlil qilinganda, xizmatlarning asosiy qismi, ya’ni 52,6 foizi yordamchi va boshqa turdagi tibbiy xizmatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Shuningdek, shifoxona muassasalari 29,9 foiz, tibbiy amaliyot va stomatologiya yo‘nalishi esa 17,5 foiz ulush bilan soha rivojiga hissa qo‘shgan.
Hududlar kesimidagi ko‘rsatkichlar tibbiy markazlashuv poytaxtda hamon yuqori ekanligini tasdiqlamoqda.
Toshkent shahri 2,5 trillion so‘mlik xizmat hajmi bilan respublikada mutloq yetakchilikni saqlab qolgan. Viloyatlar orasida Toshkent viloyati (477 mlrd so‘m), Samarqand (410 mlrd so‘m) va Farg‘ona (365,3 mlrd so‘m) viloyatlari yuqori o‘rinlarni egallagan bo‘lsa, Navoiy (87,2 mlrd so‘m) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (95,3 mlrd so‘m) bu ko‘rsatkichlar nisbatan pastroq natijani qayd etdi.
Jadal sur’atlar bilan o‘sayotgan ushbu raqamlar mamlakatda xususiy va davlat tibbiyot muassasalari faoliyatining kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Hamroz Bayonov, O‘zA