O‘zbekistonda tadbirkorlik faolligi ko‘rsatkichlari o‘sishda davom etmoqda
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2026-yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston hududlarida tadbirkorlik faolligi holati tahlil qilindi. Tahlil soliq va bojxona tushumlari, tovarlar eksporti, bank kreditlari hamda tovar-xomashyo birjasidagi bitimlar dinamikasini qamrab oldi.
Tahlil natijalari respublika bo‘yicha barcha beshta yo‘nalishda o‘sish qayd etilganini ko‘rsatdi. 2026-yilning yanvar-sentabr oylarida respublika bo‘yicha soliq tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 44,3 foizga o‘sib, 229,1 trln. so‘mni tashkil etdi.
Hududlar kesimida soliq tushumlarining yuqori o‘sishi Toshkent viloyatida (37,3 foiz), Sirdaryoda (32,2 foiz) hamda Toshkent shahrida (30,4 foiz) qayd etildi.
Hisobot davrida bojxona tushumlari 17,4 foizga o‘sib, 63,5 trln. so‘mni tashkil etdi. Eng yuqori o‘sish Qoraqalpog‘iston Respublikasida (74,3 foiz) kuzatildi. Shuningdek, Namangan (43,0 foiz), Farg‘ona (34,5 foiz), Navoiy (27,3 foiz) viloyatlarida ham sezilarli o‘sish qayd etildi.

2026-yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonning tovarlar eksporti 12,9 mlrd. dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34,2 foizga oshdi. Eksportning eng yuqori o‘sish sur’atlari Toshkent (63,1 foiz), Buxoro (59,7 foiz), Surxondaryo (50,9 foiz), viloyatlarida, shuningdek, Toshkent shahrida (42,6 foiz) qayd etildi.
2026-yilning yanvar-sentabr oylarida tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi 302,5 trln. so‘mga yetib, 2025-yilning mos davriga nisbatan (6,9 foiz) o‘sdi. Hududlar orasida kredit ajratish hajmining sezilarli o‘sishi Samarqand (41,7 foiz) va Andijon (31 foiz) viloyatlarida qayd etildi.
O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasida tuzilgan bitimlar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 39,7 foizga o‘sib, 147,9 trln. so‘mni tashkil etdi. Eng yuqori o‘sish Surxondaryo viloyatida (120,4 foiz) qayd etilib, bunda paxta tolasi, benzin va dizel yoqilg‘isi savdolari asosiy o‘rin tutdi. Buxoro viloyatida bitimlar hajmi (98,5 foiz) o‘sdi. Bunda qurilish materiallari, dizel yoqilg‘isi va gaz kondensati savdolari ajralib turdi. Navoiy viloyatida o‘sish (48,2 foiz) qurilish materiallari, dizel yoqilg‘isi va mineral o‘g‘itlar savdosi bilan bog‘liq bo‘ldi.
Toshkent shahrida birja bitimlari hajmi (48,6 foiz) oshdi. Asosiy tovarlar qatorida rangli metallar, dizel yoqilg‘isi va paxta tolasi qayd etildi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA