O‘zbekistonda sun’iy intellektga asoslangan yuridik xizmatlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Toshkent davlat yuridik universiteti va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) ning yurtimizdagi vakolatxonasi o‘rtasida “O‘zbekistonda sun’iy intellekt asosida yuridik xizmatlar ko‘rsatish muhitini yaratish va kadrlar salohiyatini rivojlantirish” loyihasi bo‘yicha muhokama bayonnomasi imzolandi.
Imzolash marosimida Adliya vaziri Akbar Tashkulov, KOICAning o‘lkamizdagi vakolatxonasi direktori Shin Myong Seop, TDYUU rektori, professor Baxshillo Xo‘jayev hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Qayd etilishicha, 2026–2030-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan mazkur loyihaning umumiy qiymati 14,5 million dollarni tashkil etadi. Tashabbus respublikamizda yuridik xizmatlarni raqamli transformatsiya qilish, shuningdek, raqamli huquq sohasida kadrlar salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan.
Ta’kidlanishicha, sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni joriy etish orqali fuqarolarga ko‘rsatilayotgan yuridik xizmat sifatini oshirish, ularning ochiqligi va samaradorligini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.
Adliya vaziri Akbar Tashkulov ushbu loyiha shunchaki hujjat emas, balki yuridik xizmatni yanada zamonaviy, shaffof va fuqarolarga xizmat qiladigan uzoq muddatli hamkorlikning boshlanishi ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, adliya tizimiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish strategik ahamiyatga ega.
KOICA vakolatxonasi direktori Shin Myong Seop loyiha Janubiy Koreya va O‘zbekistonning huquqiy sohada raqamli transformatsiyaga oid umumiy maqsadlarini ifoda etishini bildirib, kelgusida yaratiladigan platforma qonunchilik, sud amaliyoti va ilmiy materiallarni yagona tizimda birlashtirishini aytdi. Shuningdek, u sun’iy intellekt asosida yuridik maslahat berish, hujjat tayyorlashda ko‘maklashish va sud amaliyotini tahlil qilish kabi xizmatlar yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi.
Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Baxshillo Xo‘jayev mazkur tashabbus yuridik ta’lim tizimida yangi bosqichni boshlab berishini ta’kidladi. Unga ko‘ra, universitet zamonaviy huquqiy muhit talablariga javob beradigan, raqamli ko‘nikmalar va kasbiy mas’uliyatga ega mutaxassislar tayyorlashda faol ishtirok etadi.
Loyiha doirasida aholi uchun yanada ochiq, innovatsion va zamonaviy yuridik xizmatlar muhitini shakllantirish maqsad qilingan.
D.Hakimov, O‘zA