O‘zbekistonda QQS to‘lovchilari soni 269 mingdan oshdi
O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchilari soni izchil o‘sishda davom etmoqda. 2026-yil 1-iyun holatiga ko‘ra, maxsus ro‘yxatdan o‘tgan QQS to‘lovchilari soni 269 ming 94 taga yetdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,5 foizga ko‘p bo‘lib, mamlakatda tadbirkorlik muhitining rivojlanayotgani va soliq ma’muriyatchiligida raqamli yechimlar samaradorligi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2026-yil 1-iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda maxsus ro‘yxatdan o‘tgan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchilari soni 269 ming 94 tani tashkil etdi.
Soliq organlari ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich 2025-yilning shu davriga nisbatan 18,5 foizga oshgan. Bu esa mamlakatda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati kengayib borayotgani, iqtisodiyotning raqamlashuvi hamda soliq ma’muriyatchiligining takomillashayotganidan dalolat beradi.
Maxsus ro‘yxatdan o‘tgan QQS to‘lovchilarining asosiy qismi quyidagi sohalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Savdo sohasi — 100,1 ming nafar, qishloq xo‘jaligi — 50,1 ming nafar, xizmat ko‘rsatish sohasi — 42,9 ming nafarni tashkil etadi.
Qayd etilishicha, QQS to‘lovchilari sonining ortishi rasmiy iqtisodiyot ulushini kengaytirish, soliq tushumlarini barqaror oshirish hamda raqamli soliq boshqaruvi tizimlari samaradorligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA