O‘zbekistonda oltin quymalarga talab keskin oshdi
So‘nggi yillarda jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan geosiyosiy keskinliklar, global iqtisodiy noaniqliklar va moliya bozorlaridagi yuqori tebranuvchanlik sharoitida investorlar hamda aholi tomonidan xavfsiz aktivlarga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Bunday sharoitda oltin an’anaviy ravishda ishonchli aktiv sifatida qaralib, moliyaviy aktivlarni diversifikatsiya qilish va inflyatsiyadan himoya vositalaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Xalqaro amaliyotda oltinga investitsiya kiritishning turli shakllari mavjud. Jumladan, o‘lchovli oltin quymalar va tangalar, metall hisobvaraqlar hamda oltin bilan ta’minlangan birjaviy instrumentlar orqali sarmoya kiritish keng tarqalgan. Xususan, Germaniya, Shveysariya, Avstriya, Turkiya, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari kabi mamlakatlarda aholi tomonidan o‘lchovli oltin quymalarni xarid qilish va jamg‘arish amaliyoti keng qo‘llanilmoqda.

Jahon oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda jahonda o‘lchovli quymalar va tangalarga bo‘lgan talab 862,8 tonnani tashkil etib, avvalgi yilga nisbatan 10 foizga oshgan. 2025-yilda esa ushbu ko‘rsatkich 1 068 tonnaga yetgan va 24 foizlik o‘sish qayd etilgan.
Mazkur global tendensiyalar fonida mamlakatimizda ham aholining investitsiya va jamg‘arish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 2020-yildan boshlab o‘lchovli oltin quymalarni banklar orqali sotish va qayta sotib olish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Markaziy bank 2025-yil yakunlari bo‘yicha o‘lchovli oltin quymalar bozori tahlilini e’lon qildi.
Tahlillar aholi orasida ayniqsa, 5 va 10 grammli quymalarga talab yuqori ekanini ko‘rsatdi. Ular jami sotuvlarning 60 foizdan ortig‘ini tashkil etdi. Bu esa nisbatan ixcham hajmdagi quymalar aholi uchun qulay va maqbul jamg‘arish vositasiga aylanayotganini anglatadi. Shuningdek, 2025-yildan boshlab 100 grammli oltin quymalar ham muomalaga chiqarildi. Bundan tashqari, 2020-2025-yillar davomida banklar tomonidan aholidan umumiy og‘irligi 201 kg. bo‘lgan 11 828 dona o‘lchovli oltin quyma qayta sotib olingan.
O‘lchovli oltin quymalari maxsus himoya qoplamalarida taqdim etiladi. Ular QR-kod, kriptoprint va seriya raqami kabi zamonaviy himoya elementlari bilan jihozlangan. Bu esa quymaning haqiqiyligini tekshirish, identifikatsiyasini ta’minlash va operatsiyalar shaffofligini oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-iyundagi 412-sonli qaroriga muvofiq, 2020-yil noyabr oyidan boshlab Markaziy bank tomonidan 5, 10, 20 va 50 grammlik, 2025-yildan esa 100 grammlik oltin quymalar muomalaga chiqarildi.
Ushbu quymalar maxsus himoya qoplamasiga ega bo‘lib, Italiyaning “CERTLINE SRL” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarilgan. Quymalarda kriptoprint, QR-kod va seriya raqami kabi himoya elementlari mavjud. Bu esa ularning haqiqiyligini tekshirish imkonini beradi.
Qadog‘i buzilmagan holda quymalar bankka topshirilganda, mijoz bilan hisob-kitob shu kunning o‘zida amalga oshiriladi. Agar quyma qadog‘ida nuqson bo‘lsa, u Davlat asillik darajasini belgilash palatasiga ekspertiza uchun yuboriladi.
2020-yilning noyabridan 2025-yil dekabrgacha banklar orqali aholiga umumiy og‘irligi 1,2 tonna bo‘lgan 65 150 dona oltin quymalar sotilgan. Shuningdek, ushbu davrda 201 kg. og‘irlikdagi 11 828 dona quyma aholidan qayta sotib olingan.Sotilgan quymalarning 60 foizdan ortig‘ini 5 va 10 grammlik quymalar tashkil etgan. Bu aholining nisbatan kichik hajmdagi investitsiya instrumentlariga qiziqishi yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Ayniqsa, 2024-2025-yillarda talab sezilarli darajada oshdi. 2024-yilda talab 236 kg.ni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda ushbu ko‘rsatkich 661 kg.ga yetdi. Birgina 2025-yilda sotilgan oltin quymalar hajmi 2020-2024-yillardagi jami sotuvdan ham 18,4 foizga ko‘p bo‘lgan. 2023-2025-yillarda jahon bozorida oltin narxining keskin oshishi natijasida o‘lchovli oltin quymalarining daromadliligi bank depozitlariga nisbatan yuqoriroq shakllandi.
2020-2025-yillarda oltin quymalar daromadliligi, 2020-yil -10,2 foiz, 2021-yil -4,1 foiz, 2022-yil 5,1 foiz, 2023-yil 25,2 foiz, 2024-yil 31,6 foiz, 2025-yil 54,5 foizni tashkil etgan.
Shu bilan birga, oltin foizli daromad keltirmaydigan va narxi o‘zgaruvchan aktiv hisoblanadi. Bank depozitlari esa nisbatan barqaror daromad keltiradi. 2025-yildan boshlab yangi mexanizm joriy etildi. Endi aholi, mobil ilovalar orqali oltin sotib olishi, elektron metall hisobvarag‘i ochishi, 0,1 grammdan boshlab oltin xarid qilishi mumkin. 2025-yilda elektron metall hisobvarag‘i orqali 169,74 kg. oltin, 311,7 mlrd. so‘mlik depozit shakllantirildi.
Hozirda O‘zmilliybank, O‘zsanoatqurilishbank orqali elektron oltin xarid qilish imkoniyati mavjud. O‘lchovli oltin quymalar aholi uchun jamg‘arish vositasi, inflyatsiyadan himoya, investitsiya imkoniyati, sifatida tobora ommalashib bormoqda. Biroq mutaxassislar oltin narxi jahon bozoriga bog‘liq holda o‘zgarishini hisobga olib, investitsiya qarorlarini ehtiyotkorlik bilan qabul qilishni tavsiya etadi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA