O‘zbekistonda MCHJlar soni ortib bormoqda
O‘zbekistonda xususiy sektorni rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida mamlakatda faoliyat yuritayotgan tijorat tashkilotlari soni yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Tijorat tashkilotlarining tashkiliy-huquqiy shakllari bo‘yicha taqsimoti esa mamlakatda biznes yuritishning qaysi shakllari ko‘proq tanlanayotganini ko‘rsatadi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-iyul holatiga O‘zbekistonda 440,1 mingta tijorat tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Ularning salmoqli qismini mas’uliyati cheklangan jamiyatlar tashkil etadi.
Xususan, mamlakatda 351 586 ta mas’uliyati cheklangan jamiyat mavjud bo‘lib, ular jami tijorat tashkilotlarining 79,9 foizini tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich MCHJlar O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda eng keng tarqalgan tashkiliy-huquqiy shakl ekanini ko‘rsatadi.
MCHJlardan keyingi o‘rinda xususiy korxonalar turadi. 2026-yil 1-iyul holatiga ularning soni 47 107 ta bo‘lib, jami tijorat tashkilotlarining 10,7 foiziga teng. Shuningdek, mamlakatda 37 192 ta oilaviy korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning ulushi jami tijorat tashkilotlari tarkibida 8,5 foizni tashkil etgan.
Aksiyadorlik jamiyatlarining ulushi esa nisbatan kam. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil 1-iyul holatiga O‘zbekistonda 644 ta aksiyadorlik jamiyati faoliyat yuritgan bo‘lib, ularning jami tijorat tashkilotlari sonidagi ulushi 0,1 foizni tashkil etgan.
Qolgan 3 611 ta tijorat tashkiloti, ya’ni 0,8 foizi, boshqa tashkiliy-huquqiy shakllarga to‘g‘ri keladi.
Bu raqamlar mamlakatda tijorat tashkilotlari orasida mas’uliyati cheklangan jamiyatlar ustun mavqega ega ekanini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, xususiy va oilaviy korxonalar ham O‘zbekistondagi tadbirkorlik sub’ektlari tarkibida muhim o‘rinni egallab kelmoqda.
Hamroz Bayonov,O‘zA