O‘zbekistonda “Islamic window” tizimi joriy etiladi
Mamlakatimizda moliya tizimini diversifikatsiya qilish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash hamda aholi va biznes uchun muqobil moliyaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish maqsadida islom moliyasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi yillarda mazkur sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar mamlakat moliya bozorida yangi bosqichni boshlab bermoqda.
Ekspertlarning fikricha, islom moliyasi nafaqat moliyaviy xizmatlar turini kengaytirish, balki investitsiyalarni jalb qilish, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni mustahkamlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
2026-yil 27-mart kuni esa Prezidentimiz tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni imzolandi.
Mazkur qonun milliy moliya tizimida islomiy moliya munosabatlarini huquqiy jihatdan tartibga solishga xizmat qiladi. Shu munosabat bilan Soliq kodeksi, Fuqarolik kodeksi hamda yana yettita qonun hujjatiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
[gallery-29351]
Eng muhimi, milliy qonunchilikka “islomiy bank faoliyati”, “islomiy moliya operatsiyalari”, “investitsiyaviy omonat” kabi yangi huquqiy tushunchalar kiritildi. Bu esa shariat tamoyillariga asoslangan moliyaviy xizmatlarni yo‘lga qo‘yish va ularning huquqiy himoyasini ta’minlash uchun mustahkam asos yaratadi.
Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Islom moliyasi – O‘zbekiston-2026” xalqaro forumi mamlakat moliya bozoridagi muhim voqealardan biriga aylandi. Forumda xorijiy ekspertlar, tijorat banklari va moliya tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasi strategik hamkorligida Islom taraqqiyot banki tashabbusi asosida “RedMoney” kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan xalqaro forumda 15 ta davlatdan 200 nafarga yaqin xorijiy delegatlar, shuningdek mamlakatimiz tijorat banklari va moliya tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Forumning asosiy maqsadi islomiy bankchilikning o‘ziga xos jihatlari, uning iqtisodiy samaradorligi va amaliy tajribasini keng jamoatchilikka tanishtirishdan iborat. Shuningdek, bir necha yildan buyon islom banklari muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelayotgan davlatlar tajribasini o‘rganish ham muhim ahamiyatga ega.
Ta’kidlanishicha, mamlakatimizda aholi va tadbirkorlar o‘rtasida islom moliyasiga qiziqish yil sayin ortib bormoqda. O‘tkazilgan so‘rovlar ham fuqarolarning shariat tamoyillariga mos moliyaviy xizmatlarga ehtiyoji yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.
Forumda qayd etilishicha, 2026-yilda kamida bitta tijorat bankida islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatuvchi “Islamic window” tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Hozirda 10 dan ortiq tijorat banklari ushbu yo‘nalishga qiziqish bildirib, islomiy moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha ish olib bormoqda. 2026–2030-yillar davomida to‘liq islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi moliya institutlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, islom moliyasi vositalari orqali kelgusi besh yilda qo‘shimcha 1 milliard dollar miqdorida investitsiya va depozitlarni jalb qilish imkoniyati mavjud.
Ekspertlarning fikricha, islom moliyasining rivojlanishi O‘zbekistonning xalqaro moliya bozorlaridagi nufuzini oshirish, Yaqin Sharq va Osiyo davlatlari bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash hamda mamlakatga yangi sarmoyalar jalb qilishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
— Forumda O‘zbekistonda islom moliyasi tizimini rivojlantirish, shariat tamoyillariga mos moliyaviy xizmatlarni joriy qilish va xalqaro tajribani o‘rganish masalalari muhokama qilindi, — deydi O‘zbekiston banklar assotsiatsiyasi departament direktori o‘rinbosari Sanjar Musaxo‘jayev. — Ayniqsa, “Islamic window” tizimini amaliyotga tatbiq etish, islomiy fintex va investitsiya vositalari bo‘yicha qiziqarli taqdimotlar o‘tkazildi. Forum mamlakatimiz moliya bozori uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi bilan ahamiyatli bo‘ldi. Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, “Islamic window” tizimi an’anaviy banklar tarkibida shariat talablariga mos moliyaviy xizmatlarni taklif qilish imkonini beradi. Masalan, foizsiz moliyalashtirish, sherikchilik asosida investitsiya kiritish yoki muayyan aktivga bog‘langan moliyaviy mahsulotlar joriy etiladi. Bu esa islom moliyasiga qiziquvchi aholi va tadbirkorlar uchun katta qulaylik yaratadi.
Forum ishtirokchilari ta’kidlaganidek, islom moliyasini rivojlantirish nafaqat moliya bozorini diversifikatsiya qilish, balki O‘zbekistonning xalqaro iqtisodiy maydondagi raqobatbardoshligini oshirishga ham xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova,
Farhod Abdurasulov (surat)
O‘zA muxbiri