O‘zbekistonda inflyatsiya 7 foizgacha pasaydi
O‘zbekistonda 2026-yil aprel oyi yakunlariga ko‘ra inflyatsiya darajasi yana pasayish tendensiyasini namoyon etdi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yillik inflyatsiya 0,1 foizga kamayib, 7 foiz darajasida shakllandi. Bu esa so‘nggi yillar davomida qayd etilgan eng past ko‘rsatkichlardan biri sifatida baholanmoqda.
Aprel oyida oylik inflyatsiya 0,6 foizni tashkil qildi. Narxlar o‘sishiga asosiy bosim oziq-ovqat mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Xususan, go‘sht mahsulotlari narxining oshishi umumiy inflyatsiya ko‘rsatkichiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.
Jumladan, bir oy davomida mol go‘shti narxi o‘rtacha 3,2 foizga, qo‘y go‘shti esa 3,7 foizga qimmatlagan. Shu bilan birga, ayrim boshqa oziq-ovqat turlarida ham mavsumiy omillar ta’sirida narxlar o‘zgarishi kuzatilgan.
Qizig‘i shundaki, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, aynan aprel oyida mol go‘shtining ulgurji narxlari ma’lum darajada arzonlashgan. Bu esa chakana bozordagi narxlar shakllanishiga ta’sir etuvchi omillar, jumladan logistika, vositachilik va talab-taklif muvozanati kabi jihatlarni yanada chuqur tahlil qilish zarurligini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar sohasida narxlar o‘sishi nisbatan barqaror saqlanib qolmoqda. Ayrim xizmat turlarida tariflar o‘zgarishi inflyatsiyaga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa-da, umumiy dinamikada keskin o‘zgarish kuzatilmadi.
Markaziy bank tomonidan belgilangan o‘rta muddatli maqsadga ko‘ra, inflyatsiya darajasini 5 foizgacha tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkichga 2027-yilda erishish kutilmoqda. Mutaxassislar fikricha, qat’iy pul-kredit siyosati, bozor mexanizmlarini takomillashtirish va taklif hajmini oshirish orqali mazkur maqsadga bosqichma-bosqich yetib borish mumkin.
Prognozlarga ko‘ra, 2026-yil yakuniga qadar inflyatsiya darajasi taxminan 6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda. Bu esa mamlakatda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va aholi daromadlarining real qiymatini saqlab qolishda muhim omil sifatida qaralmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA