O‘zbekistonda huquq ustuvorligi qanday ta’minlanmoqda?
O‘zbekistonda BMT Taraqqiyot dasturi hamda Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida “O‘zbekistonda huquq ustuvorligini mustahkamlash va inson huquqlarini himoya qilish” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Adliya vazirining o‘rinbosari Muzraf Ikromov, Finlyandiya tashqi ishlar vazirligi vakili Katya Hirvonen, Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘rinbosari Bekzod Narimonov, vazirlik va idoralar mas’ullari, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda loyiha benefitsiarlari loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qildi.

Loyiha doirasida bepul yuridik yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar amalga oshirildi.
Xususan, keyingi yillarda 2 milliondan ortiq fuqaroga bepul yuridik yordam ko‘rsatildi. Ushbu yo‘nalishda qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Loyiha doirasida seminar, trening va davra suhbatlari, xalqaro konferensiyalar tashkil etilib, fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratildi.
Kichik grantlar dasturi doirasida ayollar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarga birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha muayyan yutuqlarga erishildi. Mazkur yo‘nalishdagi yutuq va mavjud muammolar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.

Mazkur loyiha O‘zbekistonda qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish hamda aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA